2019-yilning o‘tgan davri davomida harbiy shaharchalar hududida 16 ta tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 267 ta ish o‘rinlari yaratilgan hamda ushbu ish o‘rinlarining 145 tasiga harbiy xizmatchilarning ish bilan band bo‘lmagan oila a’zolari joylashtirildi. Bu haqda Harbiy prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Masalan, Andijon harbiy prokuraturasi tomonidan Andijon viloyati harbiy-ma’muriy sektori bilan hamkorlikda Andijon garnizonidagi harbiy shaharcha hududidan 1,0 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududda “Al-Hakim” MChJ tekstil korxonasiga qarashli tikuvchilik sexi tashkil etilgan va tikuvchilik sexi 2019-yil sentabr oyida faoliyatini boshlab, 150 kishilik ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholi bilan birgalikda harbiy xizmatchilarning 37 nafar oila a’zosi doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, hozirda mazkur harbiy shaharcha hududidan qo‘shimcha 150 kishilik tikuvchilik sexi binosi qurilishi amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Namangan harbiy prokuraturasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina 2019-yilning avgust—noyabr oylarida harbiy shaharchalar hududida 5 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, jami 34 nafar harbiy xizmatchining oila a’zolarining bandligi ta’minlangan.
Bundan tashqari, Urganch harbiy prokuraturasi tomonidan Xorazm viloyati Shovot tuman hokimligi bilan hamkorlikda Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchisining turmush o‘rtog‘i Sh.Narzullayevaga “Shohizamin Hayot” oilaviy korxonasining tashkil etilishida, ushbu korxona faoliyati uchun Shovot tumani “Qiyat” QFY hududidan 2 gektar yer maydoni ajratilishida hamda ushbu korxonaning parranda yetishtirish bilan bog‘liq faoliyatini boshlashi uchun “Mikrokreditbank” ATB Xorazm viloyati filialidan 200 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan hamda ushbu korxona 2019-yil noyabr oyida faoliyatini boshlab 5 nafar harbiy xizmatchining oila a’zosi ish bilan ta’minlangan.
Farg‘ona harbiy prokuraturasining tashabbusi va amaliy yordami bilan Farg‘ona shahridagi harbiy shaharchada bo‘sh turgan bir qavatli binoning xonalari ta’mirdan chiqarilib, tadbirkorlar jalb qilingan holda, “tikuv sexi”, “Sartaroshxona” va “oyoq kiyim ta’mirlash” xonasi tashkil qilinib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 16 ta yangi ish o‘rini yaratilishiga va ushbu ish o‘rinlariga harbiy xizmatchilarning mehnat bilan band bo‘lmagan oila a’zolari jalb qilinishiga erishilgan.
Shuningdek, ushbu harbiy shaharchada harbiy prokuraturaning ko‘maklashuvida harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni maishiy texnikalarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida imtiyozli kredit asosida tovarlarni xarid qilish imkoniyatlari yaratilgan “Tinchlik farovon biznes” maishiy texnikalar do‘koni tashkil etilib, 2 nafar nafaqada bo‘lgan harbiy xizmatchi ish bilan ta’minlangan.
Hozirda mazkur savdo do‘konida Samsung, Artel, Shivaki va Avalon rusumdagi maishiy texnikalar keltirilib, imtiyozli narxlarda kredit asosida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga sotilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi organlari tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh (0)