Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-noyabr kuni qishloq va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi vaqtlarda ayrim mutasaddilar va OAV vakillari o‘rtasida kuzatilgan ziddiyatli holatlarga e’tibor qaratib, rahbarlarni xalq va OAV bilan muloqotda kibrga berilmaslikka chaqirgan.
“O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalyapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda. Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga kibr-u havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.
Tushunaman, har kimning o‘ziga yarasha g‘ururi, izzat-nafsi bor. Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki, u nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerak. U har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shart”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)