“O‘zgidromet” xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda, O‘zbekistonning barcha hududlarida ob-havoning keskin sovib ketishi kutilmoqda.
“O‘ztransgaz” matbuot xizmatining xabar berishicha, aholining, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarning, shuningdek respublikaning issiqlik, elektr-energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji kunning kechki vaqtlarida keskin oshib ketadi va bu gaz ta’minoti tizimida ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Hurmatli avtotransport egalari! Kunning kechki vaqtlarida (soat 17:00 dan 22:00 gacha) aholiga, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarga, shuningdek respublikaning issiqlik, elektr-energiya ishlab chiqaruvchi korxonalariga tabiiy gaz maksimum yetkazib berilishini inobatga olib, Sizlardan avtomashinalaringizga siqilgan gaz quyishda ushbu vaqtlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga tushungan holda munosabatda bo‘lishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, “O‘ztransgaz” AJ iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi uzilishlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)