Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali suhbat qilib, Suriyadagi nizolarni hal etish borasida o‘zaro fikr almashdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bergan.
“Suhbat davomida Suriya shimoli-sharqidagi vaziyatni barqarorlashtirish, ushbu yo‘nalishda davlatning hududiy yaxlitligi va suvernitetiga daxl qilmaslik lozimligi muhokama etildi”, — deyilgan Kreml xabarida.
Prezidentlar Idlib deeskalatsiya zonasidagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Suhbat davomida 2018-yilda kelishiv olingan ikki tomonlama hamkorlik doirasida ish yuritish lozimligi ta’kidlandi.
Turkiya va Rossiya davlat rahbarlari Suriya konstitutsiya qo‘mitasining 30-oktabr – 1-noyabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi yakunlarida qabul qilingan qarorlarni ma’qulladi. Ular Ostona formatidagi muzokaralar jarayonida kafil davlatlarning Suriya hududidagi vaziyatni siyosiy dialog vositasida hal etish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini qayd etdi.Mavzuga doir: Erdo‘g‘on “shov-shuvli” maktubni Trampga qaytarib beradi
Shuningdek, Erdo‘g‘on va Putin oliy darajada o‘tadigan navbatdagi aloqalar grafigini kelishib oldi.
“Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi haqida
9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida Turkiyadagi qochoqlar uchun xavfsiz zona tashkil etish maqsadida “Suriya demokratik kuchlari” kurd jangarilari va IShID terrorchilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Dunyo davlatlari turklarning ushbu harakatlarini qoralagan.
17-oktabrda Anqara va Vashington Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyani 120 soatga, kurdlar xavfsiz zona hududidan chiqib ketishi uchun to‘xtatishni kelishib oldi va sanksiyalar bekor qilindi.
22-oktabrda Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya hududidagi notinch vaziyatni muhokama qildi va “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 23-oktabrdan yana 150 soatga to‘xtatish va o‘t ochmaslik haqidagi shartlashuv muddati yakuniga yetgach hamkorlikda Turkiya—Suriya chegarasida 30 kilometrlik hududni barpo etish uchun qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish haqida memorandum imzoladi.
1-noyabrda kurdlarning Turkiya chegarasidan 30 kilometr uzoqlikka chekingani va ular tark etgan hududni Sochida imzolangan memorandumga muvofiq Suriya qo‘shinlari va Rossiya harbiy politsiyasi egallashi ma’lum bo‘ldi. 5-noyabrda Turkiya hamda Rossiya harbiylari Suriya shimolidagi Ayn-al-Arab aholi punktidagi (Kobani) ikkinchi qo‘shma patrul tadbirlarini boshladi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)