Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2-may kuni dronlardan noqonuniy foydalanganlarni ozodlikdan mahrum etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun 4-noyabrdan kuchga kirdi. Bu haqda Spot xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilgan.
Mazkur harakatlar takroran yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, o‘z xizmat vakolatidan foydalangan holda yoki bir guruh kishilar tomonidan oldindan kelishilgan holda sodir etilganda, o‘rta yoki og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazishga sabab bo‘lganda — uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.
Mazkur harakatlar odam o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Yangi qoidalarning kuchga kirishi munosabati bilan Davlat bojxona qo‘mitasi fuqarolarni belgilangan talablarga to‘liq rioya qilishga chaqirdi.
Qo‘mita tomonidan xabar berilishicha, uchuvchisiz uchish qurilmalarini, ularning qo‘shimcha va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
O‘zbekistonda 2015-yil 1-yanvardan uchuvchisiz uchadigan qurilmalarni olib kirish, sotish va ulardan foydalanishga nisbatan to‘liq taqiq joriy etilgan. Faqat ruxsatnomasi bor alohida yuridik shaxslargina dronlardan foydalanishi mumkin.
2018-yil may oyida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida foto va videomateriallar tayyorlash uchun xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan uchuvchisiz uchadigan qurilmalar, xususan, dronlarni olib kirishga vaqtincha ruxsat berilgan edi.
Izoh (0)