Nepal va Xitoy ikki mamlakat chegarasida joylashgan Everest tog‘i balandligini birgalikda qayta o‘lchab ko‘rmoqchi, deb xabar bermoqda ANI agentligi.

Foto: AFP

The Times of India’ning yozishicha, 12—13-oktabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning Nepalga tashrifi chog‘ida shunday qarorga kelingan.

Qayta o‘lchashga geologlarning 2015-yili Nepalda sodir bo‘lgan kuchli zilziladan so‘ng Everest cho‘kkan bo‘lishi mumkin, degan taxmini sabab bo‘lgan.

Nepal hukumati Everest balandligini o‘lchashni 2017-yilda e’lon qilgan. 2019-yilning bahorida esa tog‘ga bir guruh alpinistlar yuborilgan. O‘lchov natijalari 2020-yil yakunida e’lon qilish rejalashtirilgan.

Everest balandligi birinchi marta 1847-yilda Endryu Vo boshchiligidagi hindistonlik ekspeditsiya tomonidan o‘lchangan. Unda tog‘ning balandligi 8 840 metrga baholangan.

Ayni paytda Everestning rasmiy balandligi 8 848 metr deb hisoblanadi. Bunday ma’lumot 1950-yilda Hindiston geologiya xizmati tomonidan taqdim etilgan.