“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.
O‘zbekistonning eng mashhur hokimi Shuhrat G‘aniyevning navbatdagi audiona’rasi yana internetni titratdi. 30-sentabr kuni tarqalgan audioda Farg‘ona viloyati hokimi soqol, ro‘mol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga bo‘ysunmaganlarni qamash bilan tahdid qildi. Viloyatga kelgan mehmonlarning ham soqolini olishni talab qildi. “Shialarning do‘ppisi”ni kiyib olgan oddiy xizmatchi ham, shifoxonada oq ko‘ylak-ishton kiygan bemor ham, bolalarga Usoma, Messi, Mujohid ismlari qo‘yilishi ham hokimning tanqididan chetda qolmadi.
Shundan so‘ng dastlab internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda, keyin esa rasmiy doiralarda Shuhrat G‘aniyevning xatti-harakati gapira boshlashdi. Senat maxsus yig‘ilish chaqirib, uni muhokama qildi. Senat raisi Tanzila Norboyeva va senator Maqsuda Vorisovalar hokimning harakatlarni qoraladi. Ushbu yig‘ilishda Shuhrat G‘aniyev “o‘tinib-o‘tinib” kechirim so‘radi. Senat uni qattiq ogohlantirdi va uch oy sinov muddati berdi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz Shuhrat G‘aniyevga berilgan sinov muddati boshqa mansabdor shaxslar uchun ham ibrat bo‘lishini ma’lum qildi.
Shuhrat G‘aniyev o‘z chiqishida ayrim masjidlarni sanab, ularni yopishni buyurgandi. Musulmonlar idorasi kutilmaganda hokimga e’tiroz bildirib, masjidni yopish uning vakolatiga kirmasligini va “bunday nomaqbul fikrlarga murosasiz” ekanligini aytdi.Farg‘ona viloyati hokimligi har doimgidek Shuhrat G‘aniyevning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.
* * *
Hafta boshida Rossiya federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonga keldi. Matviyenkoning bosh muddaolaridan biri O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgisi bor yoki yo‘qligini chamalash desak, noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Aytish kerakki, o‘zbek OAVi emas, “TASS” orqali Matviyenko O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilishi mumkinligini aytganini bildik. Ishchi guruh bu boradagi shartlar va xatarlarni tahlil qilayotganligi xabar berildi. Shuningdek, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 4-oktabr kuni jurnalistlar bilan anjumanda “O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini uch yildan beri o‘rganyapti”, deb aytdi.
Matviyenkoning Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasi ko‘tarilmagan. Biroq u “tashkilot eshigi O‘zbekiston uchun ochiq”ligini aytgan. Sodiq Safoyev bu masala kun tartibida yo‘qligini bildirdi. Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston KXShTga ikki marta kirib chiqib ketgan.
Mavzuga doir:
Sentabr oxirida Turkiyada sodir bo‘lgan qayg‘uli hodisa to‘lqini O‘zbekistonga yetib keldi. Turk deputati va general Shirin Unalning uyida xizmatchilik qiladigan o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirova o‘zini to‘pponchadan otib o‘ldirgan. Turkiyada ham bu voqea katta bahslar keltirib chiqardi. Dastavval prokuratura marhumani fohishalikda aybladi. Biroq muxolifat voqeaga barchaning diqqatini qarata boshladi.
2-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Nodira Qodirovaga bog‘liq vaziyatni nazoratiga olganini ma’lum qildi. Deputatlar Rasul Kusherboyev va Bekzod Ortiqov esa xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq noxush holatlar ko‘payib borayotgani va diplomatik vakolatxona hamda konsulliklarimizning faoliyati talab darajasida emasligini tanqid qildi.
* * *Insoniyat erishgan barcha yutuqlarning asosida kitob yotadi. Shu bois garchi O‘zbekistonda ko‘plab xalqaro ko‘rgazma va tadbirlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, Tashkent Book Fest – 2019 xalqaro kitob ko‘rgazmasini dayjestimizga qo‘shdik. 2–4-oktabr kunlari ko‘rgazma “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tdi. Unda yetti mamlakatdan o‘ndan ortiq nashriyot va kitob savdosi tashkilotlari qatnashdi. Mazkur ko‘rgazmada o‘zbekistonlik noshirlar ham ishtirok etdi. Bloger @shahnozxon yozishicha, Ibrohim G‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad, Anvar Obidjon kabi mashhur adib va adabiyotshunoslar kelgan.
Bu turdagi yirik madaniy tadbir O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazildi.
* * *
Paxtaga budjet xodimlari va ayniqsa maktab o‘quvchilar chiqmasligi oliy minbarlardan qayta-qayta e’lon qilinishiga qaramasdan, siyqasi chiqqan ibora bilan aytadigan bo‘lsak, “eski tuzumni qo‘msaydiganlar” chiqib kelmoqda. Shu hafta Denovda budjet xodimlari paxtaga chiqarilayotgani aytildi va “Kun.uz” sayti muxbirlari borib voqeani o‘rganishi natijasida o‘z ixtiyoriga qarshi ravishda terimga olib kelingan budjet xodimlari borligi aniqlandi.
Kogonda esa hokimlik xuddi sovet tizimidagidek terimda maktab o‘quvchilaridan foydalanayotgani oshkor bo‘lib qoldi. Repost sayti tarqatgan rasm va xabarda beshinchidan yuqori sinf o‘quvchilari paxta terayotganligi aks etgan. Bu Kogon tumani Taytal qishlog‘idagi 15-maktab o‘quvchilari bo‘lib, ular “Alinoz Sherginoz” va “Barno Bahrom” fermer xo‘jaliklari dalasida hokimiyat va XTB ko‘rsatmasiga asosan paxta teryapti.
Buxoro hokimligi har doimgidek buni uydirmaga chiqardi.
* * *
O‘zbekistonliklar uchun AliExpress bepul jo‘natmalari miqdori cheklanishi mumkin. Xorijdan O‘zbekistonga yuborilayotgan pochta va kuryerlik jo‘natmalarining bojxona to‘lovlarisiz kiritiladigan miqdorini 25 dollargacha cheklash masalasi o‘rganib chiqilmoqda. Bundan maqsad importni qisqartirib, chetga valyuta chiqib ketishining oldini olish.
Hukumat qarori qabul qilinsa, AliExpress, Gearbest, Banggood, Amazon, Ebay va boshqa xalqaro internet do‘konlaridan bir chorak mobaynida ko‘pi bilan 25 dollarlik jo‘natmani bepul olish mumkin bo‘ladi. Hozirgi cheklov: xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun — bir kalendar chorak mobaynida 1000 AQSh dollari, xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun — 100 AQSh dollari.
O‘tgan yili O‘zbekistonda AliExpress orqali xaridlar 90 foizga ko‘paygani aytilgan. O‘zbekistonliklar, asosan, sifatli texnika, texnologiyalar, kiyim-kechak sotib oladi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.
Izoh (0)