O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida 2019-yilning 9-sentabr kuni sodir bo‘lgan hodisa haqida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.
Huquqni muhofaza qilish organlari bergan xabarga ko‘ra, politsiya tomonidan to‘xtatilgan avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchisi politsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmay, unga tan jarohatlari yetkazgan. Haydovchi va bir yo‘lovchi qo‘lga olingan. Uchinchi ishtirokchini qidirib topish va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mazkur vaziyat nazoratga olingan va Sankt-Peterburg shahrining tergov organlari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan.
“Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)