“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Erix Mariya Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani haqida hikoya qiladi.
Fleshbek
Ushbu romanni ilk bora bolalikda qiziqarli sarguzasht asar sifatida o‘qigan bo‘lsam, oradan yillar o‘tib ulg‘aygach o‘qib chiqqanimda undan butunlay boshqacha taassurot olganman. Remark ko‘z oldimda haqiqiy patsifist, urushdan nafratlanadigan darajaga kelgan inson sifatida namoyon bo‘lgan. Insoniyat tarixidagi urushlar oddiy xalq vakillari uchun hech qachon foydasi yo‘qligi, aksincha, ular odamlarga faqat kulfat olib kelishi mumkinligini anglab yetganman. Romanni dunyodagi jamiki insonlar o‘qib chiqib xulosa qilishini xohlagan bo‘lar edim.
Asar haqida
“G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” Erix Mariya Remarkning 1929-yilda nashr etilgan romani. Kirish so‘zida muallifning “Bu kitob aybnoma ham, afvnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg bo‘lgan avlod haqidagi, garchi zambarak o‘qidan omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar to‘g‘risidagi ko‘ngil izhoridir”, degan so‘zlaridan-da sizni qanday qiyin asar kutib turganini his etasiz. Urushga qarshi ruhda yozilgan romanda Birinchi jahon urushi o‘z domiga tortgan o‘spirinlar obrazi orqali urush dahshatlarini boshidan kechirgan, ruhan ezilgan, jamiyatdan begonalashgan va bolalik orzu-umidlari chilparchin bo‘lgan butun bir “yo‘qotilgan avlod”ning ayanchli qismati mahorat bilan aks ettirilgan. Asar yosh askar Paul Boymerning boshidan kechirgan voqealar, shuningdek, uning Birinchi jahon urushidagi frontdoshlari haqida hikoya qiladi.
Ernest Xeminguey singari, Remark ham “yo‘qotilgan avlod” tushunchasini urushda olgan jarohatlari tufayli tinch hayotga kira olmagan yoshlarni tasvirlash uchun ishlatgan. Remarkning ishi shu tariqa Veymar respublikasi davrida hukmronlik qilgan o‘ng qanot konservativ harbiy adabiyotga nisbatan keskin qarama-qarshi edi; ular qoida tariqasida Germaniya yutqazgan urushni oqlashga va o‘z askarlarini qahramonlashtirishga harakat qilar edi. Remark esa oddiy bir askar nomidan urush voqealarini haqqoniy tasvirlaydi.
Syujet
Birinchi jahon urushi avjida. Germaniya allaqachon Fransiya, Rossiya, Angliya va Amerikaga qarshi kurashmoqda. Hikoya nomidan olib borilayotgan qahramon Paul Boymer o‘z sheriklarini tanishtiradi. Bu yerda maktab o‘quvchilari, dehqonlar, baliqchilar, turli yoshdagi hunarmandlar to‘plangan. Guruh tarkibining deyarli yarmini yo‘qotgan. Inglizlar bilan dahshatli jangdan keyin harbiy harakatlar markazidan 9 kilometr uzoqlikda dam olishyapti.
Inglizlar hujumi paytida bo‘lgan yo‘qotishlar tufayli ular ikki marta ko‘proq ovqat va sigaretaga ega bo‘ladi. Askarlar uxlaydi, to‘yib ovqatlanadi, chekadi va qarta o‘ynaydi. Myuller, Kropp va Paul yarador sinfdoshining oldiga boradi. To‘rt sinfdosh sinf rahbari Kantorekning “samimiy gaplari”ga ishonib, bitta rotaga tushgan edi. Yozef Bem urushga borishni xohlamagandi, lekin pirovardida rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmagan, aks holda uning uchun hamma eshiklar bekilardi.
U birinchi bo‘lib o‘ldiriladi. Ko‘zlaridagi jarohatlar tufayli yashirinishga joy topa olmaydi va otib tashlanadi. Kroppga yozgan xatida sobiq ustozi Kantorek ularni “temir yigitlar” deb nomlab, salomlarini yo‘llaydi. Minglab Kantoreklar shunday qilib yoshlarni aldaba urushga jo‘natgan.
Yigitlar boshqa sinfdoshi Kimmerixni dala shifoxonasida oyoqlarini kesib tashlagan holda topadi. Frans Kimmerixning onasi Pauldan “axir u hali bola-ku” deb, unga qarab yurishni so‘raydi. Ammo bu ishni qanday qilib eplab bo‘ladi? Fransga bir qarash u yashab ketmasligini tushunish uchun yetarli edi. Frans hushsiz yotganda uning eng sevimli sovg‘a sifatida olingan soati o‘g‘irlanadi. Uning charmdan bo‘lgan ajoyib inglizcha etiklari joyida edi, biroq endi ular unga kerak emas. U o‘rtoqlari ko‘z o‘ngida o‘ladi. Ruhan tushkunlikda, ular Fransning etiklari bilan kazarmaga qaytadi.
Kazarmaga yangi-yangi askarlar kela boshlaydi. O‘lganlar tiriklar bilan almashtiriladi. Yollanganlarning biri aytadiki, ular faqatgina sholg‘om bilan kun ko‘rmoqda. Kropp urushning o‘ziga xos yo‘lini taklif qiladi: generallar o‘zlari bir-biri bilan jang qilsin va yutgan o‘z mamlakatini g‘olib deb e’lon qisin. Hozir urushni boshlamagan va unga umuman kerak bo‘lmagan boshqalar ular uchun kurashmoqda.
Yangi askarlar bilan to‘ldirilgan rota sapyorlik ishlari uchun odimlaydi. Tajribali Kat askarlarni o‘q va portlash ovozlarini aniqlashni va ulardan qanday ehtiyot bo‘lish kerakligini o‘rgatadi. “Frontning noaniq ovozi”ni tinglab, u tunda “chekib olishga vaqt berilishini” taxmin qiladi.
Paul oldingi chiziqdagi askarlarning xatti-harakatlari, ularning barchasi instinktiv ravishda snaryad hushtak chalganda yotib oladigan yer bilan bog‘liqligi haqida o‘ylaydi.
Kat kutganidek, qattiq otishma boshlandi. Kimyoviy bombalar portlaydi. “Gaz, gaz!” qichqiriqlarini eshitgan hamma niqobning mustahkamligiga umid qiladi. Askarlar tepalikka chiqib olishi kerak, ammo u yerda ham dahshatli otishma ketmoqda.
Yigitlar sinfdan qancha odam qolganini hisoblaydi. Yetti kishi o‘lgan, biri jinnixonada, to‘rt kishi yarador – sakkiz nafari qolgan. Dam olishadi. Ular shamga qopqoq yopishtiradi, u yerga bitlarni tashlaydi, umuman, shu kabi yo‘llar bilan ko‘ngil yozadi.
Hujum tayyorlanmoqda. Maktabda qatron hidi anqigan tobutlar ikki qavat qilib yotqizilgan. xandaqda kalamushlar ko‘payib ketgan; ularga qarshi kurashishning hech qanday yo‘li yo‘q. Otishma tufayli askarlarga ovqat yetkazib bo‘lmaydi. Fransuzlarning hujumi tufayli ular zaxira chizig‘iga tashlanadi. Kontrhujumdan so‘ng yigitlar konserva va ichimliklar ko‘rinishidagi o‘ljalar bilan qaytib keladi. O‘lganlar katta o‘raga yotqizilgan, u yerda ular allaqachon uch qavatni hosil qilgan.
150 kishilik guruhdan atigi 32 kishi qolgan.
Paulni ofisga chaqirishadi, unga ta’til guvohnomasi va safar hujjatlari beriladi. U mashinaning derazasidan “yoshligining chegara postlari”ni hayajon bilan kuzatadi. Mana uning uyi. Onasi kasal. Ularning oilasida his-tuyg‘ularni ifodalash odatiy hol emasligi bois onasining “aziz o‘g‘lim” degan so‘zlarida unga kuchli ta’sir qiladi. Otasi harbiy kiyimdagi o‘g‘lini do‘stlariga ko‘rsatmoqchi, lekin Paul hech kim bilan urush to‘g‘risida gaplashmoqchi emas. U restoranlarning sokin burchaklarida, pivo ustida yoki bo‘lmasa o‘z xonasidan yolg‘izlik izlaydi. Nemis o‘qituvchisi uni pivoxonaga chaqiradi. U yerda tanish vatanparvar o‘qituvchilar qanday qilib “fransuzlarni kaltaklash” haqida munozara qiladi. Ular uni pivo va sigareta bilan mehmon qilishadi, shu bilan birga, Belgiyani, Fransiyaning ko‘mirga boy hududlarini va Rossiyaning yirik qismlarini egallashni rejalashtirishadi.
Paul do‘sti Kimmerixning onasini ziyorat qilib, o‘g‘lining yurakdan olgan jarohatdan darhol o‘lim topgani haqida gapirib beradi. Uning hikoyasi shunchalik ishonarli ediki, ona ishonadi.
O‘zini urushga tayyorlagan kazarmaga boradi. Uning yaqinda rus harbiy asirlarining katta lageri joylashgan. Pol rus asirlari lagerida turib, bu “bolalarining yuzlari va havoriylarning soqollari”ga ega odamlarga qarab, oddiy odamlarni dushman va qotilga aylantirgan odamlar kimligi haqida o‘ylaydi. U sigaretalarni sindirib, yarimtadan to‘r orqali ruslarga irg‘itadi.
Paul o‘z qismiga qaytib, eski do‘stlari bilan uchrashadi. Ular bir hafta parad maydonchasida mashq qiladi. Kayzer kelishi munosabati bilan yangi kiyimlar olishadi. Kayzer askarlarda hech qanday taassurot qoldirmaydi. Urushlarni kimlar boshlagani va nima uchun urushlarga ehtiyoj borligi to‘g‘risida tortishuvlar yana avj oladi. “Fransuz mehnatkashini oling, nega u bizga hujum qilishi kerak! Bularning barchasi rasmiylar tomonidan o‘ylab topilgan”, kabi so‘zlar yangraydi.
Mish-mishlarga ko‘ra, ular Rossiyaga yuboriladi. Lekin aslida ular juda qaynoq nuqtalarga, oldingi chiziqqa yuboriladi. Yigitlar u yerda razvedkaga boradi. Tun, raketalar, otishma. Paul adashib qoladi va ularning xandaqlari qaysi tomondaligini bilmaydi. Paul kunni o‘ra ichida – suv va loyda o‘tkazadi. U to‘pponchasini yo‘qotib qo‘ygan va mabodo qo‘l jangi bo‘lib qolsa deb pichog‘ini tayyorlab qo‘ygan edi. Adashib qolgan fransuz askari u yotgan chuqurlikka tushib qoladi. Paul unga pichoq bilan tashlanadi. Tun tushishi bilan Paul o‘z xandaqlariga qaytadi. U hayratda – birinchi marta aslida unga hech narsa qilmagan odamni o‘ldirdi...
Askarlar oziq-ovqat omborini qo‘riqlash uchun yuboriladi. Ularning tarkibidan olti kishi tirik qoladi: Kat, Albert, Myuller, Tyaden, Leyer, Deterling – barchasi shu yerda. Ular qishloqda eng ishonchli beton yerto‘lani topadi. Qochib ketgan aholining uylaridan to‘shaklar va hattoki ko‘k ipakdan tikilgan choyshablar bilan o‘ralgan krovatlar topib kelishadi. Paul va Kat qishloqni razvedka qilishga boradi. Ular og‘ir artilleriya o‘qlari ostida omborxonadan ikkita cho‘chqa bolasini topadi. Ajoyib tushlik tayyorlanadi. Qishloq o‘qqa tutilib yonib ketadi, ombor esa xarob bo‘ladi. Endi bu yerdan xohlagan narsani olib ketish mumkin. Bundan soqchilar ham, o‘tib ketayotgan haydovchilar ham foydalanadi. Bu misoli o‘lat paytidagi bazm edi.
Bir oy o‘tgach, bazm tugaydi va ular yana oldingi chiziqqa olib ketiladi. Ular ketayotgan kolonna o‘qqa tutiladi. Albert va Paul Kyoln monastiri kasalxonasiga tushib qoladi. Bu yerga doimiy ravishda yaradorlarni olib kelishadi, o‘liklarni olib ketishadi. Albertning oyog‘ini eng yuqori qismigacha kesib tashlashadi. Sog‘ayib ketganidan keyin Paul yana birinchi qatorlarda janga tashlanadi. Vaziyat umidsiz. Amerika, Angliya va Fransiya polklari urushdan charchagan nemislar ustiga bostirib kelmoqda. Myuller yorituvchi raketa bilan o‘ldiriladi. Boldiridan yaralangan Katni Paul orqasiga opichib olovdan olib chiqishga yuguradi, ammo shu payt Kat bo‘yniga urilgan snaryad parchasidan vafot etadi. Paul urushga borgan sinfdoshlarining ichida tirik qolgan eng oxirgisi bo‘lib qoladi. Shu kunlarda hamma yaqinlashib kelayotgan sulh haqida gapira boshlaydi.
Paul 1918-yil oktabrda o‘ldiriladi. U paytlarda front sokin va harbiy xabarlar qisqa edi: “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”.
Tahlil
Remarkning ushbu romanida urushga qarshi o‘ta kuchli protest bo‘lib, u insoniyat tabiatidagi buzg‘unchilikka urg‘u beradi. Hikoya qiluvchi orqali urush haqidagi romantik g‘oyalar, vatanparvarlik va sharaf haqidagi balandparvoz nutqlar xandaqdagi dahshatli voqeliklar orasida yo‘qolib ketishini juda katta mahorat bilan yoritib beradi.
Remark aslida askarlar vatanparvarlik ruhidagi abstrakt g‘oyalar uchun kurashmayotganini, ular shunchaki tirik qolishga harakat qilayotganini ta’kidlaydi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana topish muammolari ham, dushman olovi va bomba portlashining oldini olish bilan bir qatorda, askarlarning asosiy muammolaridir. Romandagi hech narsa urush tajribasini ulug‘vor va romantik qilib ko‘rsatmaydi. Hatto Paul va uning hamrohlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik ham. Chunki buning uchun siz dahshat va doimiy azob-uqubatlar ko‘rinishidagi yuqori narxni to‘lashingiz kerakligi ta’kidlanadi.
Asar davomida Paul shaxsiyati urushning oldin unda kuzatilmagan holatlarni his qilishga majburlashi bilan to‘qnash keladi. Urushdan oldingi voqealarni eslab, oldin u umidsiz askar emas, mutlaqo boshqa odam bo‘lganini sezadi. Paul mehribon va sohir qalb egasi edi. Urushdan oldin u oilasini sevgan va she’rlar yozgan, ammo urush sabab paydo bo‘lgan dahshat tufayli aql-idrokini saqlab qolish uchun his-tuyg‘ularidan chetga chiqishni va omon qolish o‘rganadi.
Paulning boshidan o‘tgan voqealar o‘smirlik chog‘ida urushda jang qilishga yuborilgan va kattalar bilan jang qilishni o‘rgangan, “yo‘qotilgan avlod” deb nomlangan butun bir avlodning tajribasini aks ettiradi. Urushda qancha uzoq umr ko‘rsa, shunchalik undan nafratlanadi va azoblanadi. Bu azoblar esa uning tengdoshlarini urush xarob qilganiga va ularning ongini urush buzganiga bo‘lgan ishonchdan kelib chiqadi.
Remark, shuningdek, ikki avlod o‘rtasidagi urush ochgan chuqur jarlikni tasvirlaydi va urushni yosh avlodga xiyonat sifatida baholaydi. Paul davridagi avlod o‘zi ishonadigan va obro‘li shaxslar deb hisoblaydigan odamlarning bosimi tufayli urushga ketadi. Ularni yetuklikka olib borishi kerak bo‘lgan odamlar aslida vatanparvarlik burchi haqidagi bo‘sh shiorlar ostida o‘limga mahkum qiladi. Paul va uning do‘stlari dushmanlari haqida gaplashganda ular boshqa tarafdagi askarlarni nazarda tutmaydi, aksincha, o‘zlarining yuqori martabali boshliqlarini nishonga oladi. Ular uchun barcha askarlar, kelib chiqishi va tomonidan qat’iy nazar, qurbonlardir.
Asarda simvolizm ko‘p ishlatilmasa ham, muhim belgilardan hisoblanadi. Kimmerixning etiklari bo‘lib, ular o‘lgan askardan tirik askarga o‘tadi. Kimmerixning o‘zi ularni o‘lik parashyutchidan oladi va u o‘lgan zahotiyoq Myuller ularni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. Paul ularni Myullerga topshiradi va u o‘lgandan keyin o‘ziga meros qilib oladi. Shu ma’noda bu epizodlar bir juft etik inson hayotiga qaraganda qimmatroq va uzoqroqligini, urushda inson hayoti mutloq ahamiyatsizligini anglatadi. Ammo bu etiklar, shuningdek, vayronagarchilik va o‘limdan kelib chiqadigan his-tuyg‘ularga berilib qolmasdan, askar omon qolishi uchun kerak bo‘lgan pragmatizmni ham anglatadi.
Paul josus sifatida biror davlatning yeriga kirishi u urush paytida amalga oshirishi kerak bo‘lgan eng xavfli harakatlardan biri edi, chunki u har ikki tomondan ham hujumlar nishoniga aylanadi. Qaysidir ma’noda bu millatchilikning rad etilishini anglatadi: u Germaniya hududidan chiqib, boshqa millat tomonidan boshqarilmaydigan makonga kiradi. Ushbu missiya, shuningdek, Paul romandagi eng og‘ir voqealarni boshdan kechirishi uchun sharoitlarni ta’minlaydi: birinchi marta u odamni yuzma-yuz jangda o‘ldiradi va bu uni hayotga muhabbatning haqiqiy narxini tushunishga majbur qiladi.
Paul rus asirlari oldida bo‘lganida ular uning dushmanlari ekaniga deyarli ishonmaydi. U va uning hamrohlari ikkala tomonning ham askarlariga bir xil g‘oyalar uchun kurashish buyurilganini anglab yetadi. Bu fikrlardan keyin ular uchun kim haq yoki nohaqligini aniqlashning iloji yo‘q edi. Oxir-oqibat, milliyatchilik g‘oyalari shunchaki hokimiyatdagi va hokimiyatga kelishni xohlovchi liderlar tomonidan fuqarolarni ishontirish va urushga olib borishda ishlatadigan vositalar bo‘lib xizmat qilishini anglab yetishgan edi.
Urush aslida o‘zlari umuman jangga kirmaydigan bir necha erkaklar uchun foydalidir; bu bema’nilikning eng yomon tarafi shundaki, bir necha kishining qarori bilan urushda millionlab oddiy askar qurbon bo‘ladi. Mana bizga qanday postulatlarni beradi bu ajoyib roman.
Xulosa
Romanning muvaffaqiyatini tushuntirish juda oson: Remark romanda nimani o‘ylagan bo‘lsa, shuni yozgan. Nafaqat romanni yozayotganda, balki dushman askarlari safidagi undan faqatgina kiyimlarini rangi bilan ajralib turadigan halol odamlarni ko‘rganida ham ularga nimani o‘ylasa, shuni aytgan. Qanday qilib hayot deb atalmish biz biladigan noaniq faoliyatda ba’zi bir aqlga sig‘maydigan o‘simliklar qutblarning muzli yuzasiga moslashgani kabi, insoniyat urushga ham moslasha olganini ro‘y-rost aytib bergan edi. Romanning katta muvaffaqiyatiga qaramay, Germaniyada hokimiyat tepasiga natsistlar kelgach, Remarkni o‘z mamlakatida shunchalik yomon ko‘ra boshlashdiki, u avval Shveysariyaga, keyinchalik AQShga ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Birinchi jahon urushidan keyingi Germaniyada hech kim urushni eslashni istamas edi. Remark odamlarni urush haqida yana bir jahon urushi boshlanishidan oldin o‘ylashga majbur qildi. Ammo u natijaga erisha olmadi. Erix Mariya Remark o‘zining eng katta yutug‘iga erisha olmadi. Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, Remark quvg‘inga uchradi, uning kitoblari namoyishkorona yoqildi. Uning asarlarida urushning qoralanishi Vermaxt uchun zarar edi. Aslida o‘sha paytdagi nemis xalqi ayni shu asardan xulosa qilganlarida edi, asardagi kabi Paullar ikkinchi jahon urushida ham millionlab jonlarini qurbon qilmasmidi...
Iqtiboslar
Qo‘limiz – tuproq, vujudimiz – loy, ko‘zlarimiz – halqob. O‘likmizmi, tirikmizmi – bilmaymiz;
Kishi tanho qolganda tabiatdan yupanch qidiradi;
Men yoshman – endigina yigirmaga kirdim, lekin ko‘rganlarim qon, o‘lim, qo‘rquv va mudhish azob-uqubatdan iborat nursiz, bemaqsad hayot bo‘ldi. Kimdir bir xalqni ikkinchisiga gij-gijlaydi, odamlar birovning irodasiga bo‘ysunib, bir-birini o‘ldiradi, lekin jinoyat qilayotgani va gunohga botayotgani haqida o‘ylamaydi. Insoniyatning eng dono vakillari yangi-yangi qurollarni yaratadi va buni oqlash uchun qop-qop so‘z topadi. Jazosini biz tortamiz, yer yuzidagi jamiki tengdoshlarim tortadi;
Shiddatli otishma. Dushman yo‘lini to‘suvchi o‘t. O‘q yomg‘iri. Mina. Gaz. Tanklar. Pulemyotlar. Qo‘l granatalari. Bu so‘zlar og‘izning bir chekkasidan chiqib ketadi, ammo shularning dastidan insoniyat ozmuncha aziyat chekdimi!
Davlat va vatan bitta narsa emas.
- Remark o‘z asarlarini uchi o‘tkir qalam bilan yozishni afzal ko‘rar edi. Remarkka g‘oyat katta muvaffaqiyat olib kelgan "G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q" romanini u atigi olti hafta ichida yozib tugatgan;
- Remark Birinchi jahon urushida qatnashgan va u urush davomida besh marta jarohat olgan;
- 1943-yil 16-dekabr kuni Berlin qamoqxonalarining birida 43 yoshli tikuvchi Elfrida Shols gilyotina yordamida qatl qilingan edi. Sudya unga “Baxtga qarshi, akang bizning qo‘limizdan qochib, mamlakatni tark etdi, lekin biz seni qo‘lga tushirdik” degani haqida guvohliklar bor. Davlat uning opasiga Elfridani turmada saqlash, sud va qatl qilish xarajatlarini qoplashi uchun 495 marka va 80 pfenninglik hisob varaqasi jo‘natgan. Uning yagona akasi, yozuvchi Erix Mariya Remark edi;
- Merkuriy sayyorasidagi kraterlardan biriga Erix Mariya Remark nomi berilgan.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Mavzuga doir:
“Kitobni yoqishdan ham kattaroq jinoyat bor”. “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asari haqidaYolg‘izlik – ichimizda. “Yolg‘izlikning yuz yili” romani haqida
“Mafiya o‘lmasdir”. “Cho‘qintirgan ota” romani haqida
Real fojiaga asoslangan shedevr. “Amerika fojiasi” haqida
Jinoyat huquqi haqida o‘ylar. “Jinoyat va jazo” romani haqida
Matonat – muvaffaqiyatga erishishning yagona yo‘li. “Martin Iden” romani haqida
“Usta va Margarita” XX asrning eng buyuk romanimi?
“Nihoyat u dengizda hech qachon yolg‘iz qolmasligini tushundi…” “Chol va dengiz” romani haqida
Izoh (0)