Yangi mediatexnologiyalar tadqiqotchisi, rossiyalik olim Lev Manovich zamonaviy texnologiyalarning odamlar orasidagi munosabatlarga ta’siri, “sevgi supermarketi” hamda muhabbatning mediadagi timsoli haqida.
Sevgi – tabiiy insoniy hissiyot. Lekin masalaga akademik nuqtai nazardan yondoshsak, unda sevgi o‘rta asrlarda Yevropada shakllangan tarixiy konsepsiya ekani oydinlashadi. Sevgi deganda nima tushunilishi asosan madaniyatga bog‘liq bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalarning hayotimizga kirib kelishi bilan esa ushbu hissiyotning xatti-harakat sifatida qay tariqa shakllanishi borasidagi tasavvurlarimiz ham o‘zgarmoqda. Masalan, XIX–XX asrlarda odamlar bir-biriga sevgi maktublari yozgan. Hozir esa ko‘p sonli juftliklar boshqa-boshqa shaharlarda yoki mamlakatlarda istiqomat qilmoqda, ularning o‘zaro izhorlari esa ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llanmoqda. Turli zamonlarda odamlarning o‘zaro muhabbati bir xil bo‘lgan (bir xilda sevishgan), biroq muhabbat izhorining mundarijasi doimo turlicha bo‘lgan. Aytish mumkinki, sevgining hech qanday abstrakt konsepsiyasi mavjud emas, biz faqat uning in’ikosini ko‘ramiz. Zamonaviy media esa bu narsani muayyan mediashaklga solgan holda namoyon etmoqda.
Muhabbat va raqamli texnologiyalar davri
Globallashuv, jahon bo‘ylab sayohatning osonligi, tekin telekommunikatsiyalar va hokazolar singari davrimizning muayyan iqtisodiy, texnik va ijtimoiy o‘ziga xosliklari, shubhasizki, hayotimiz, hissiyotlarimiz, o‘zaro munosabatlarimiz va ijtimoiy aloqalarimizni o‘zgartirmoqda. Aksariyatimizda o‘zimiz hech qachon ko‘rmagan, lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali faol muloqot olib boradigan do‘stlarimiz mavjud.
Bir tarafdan, bu odamlar uchun boshqa mamlakat yoki boshqa shaharda yashayotgan tanishlari bilan aloqani ushlab turishga yordam bermoqda. Garchi gaplashgani tayinli mavzu bo‘lmasa-da, tanishlar bilan yaqin aloqalarni ushlab turish, har kuni gaplashish, o‘zaro fotosuratlar almashinish imkoni bor.
Boshqa tarafdan esa, ko‘payib ketgan yuzlab tanishuv saytlari sababli muhabbat tushunchasining an’anaviy mohiyatini fahmlash qiyinlashib qoldi. Xuddiki “odam bozori” paydo bo‘lgandek go‘yo va u orqali, endi istalgan paytda boshqa er yoki, xotin topsa bo‘ladigandek... Biror odamni uchratish, unga qiziqib qolish va atigi to‘rt oydan keyin boshqa, yanada yaxshirog‘ini topish uchun bunisi bilan qandaydir arzimagan sabab bilan ajrashib ketish hech gap bo‘lmay qolyapti. Go‘yoki biz “sevgi supermarketi”da yashayapmiz. Texnologiyalar esa, bir tomondan, bizga juft uchun ideal shaxsni topishga ko‘maklashmoqda va muhabbatni mukammalroq qilishga yordam bermoqda. Boshqa tarafdan esa, aynan shu texnologiyalar hissiyotlarimiz va munosabatlarimizni barbod qilishga qodir. Chunki ular tufayli oldimizdagi tanlov imkoniyati ko‘paymoqda.
Globallashuv oqibatidagi raqobat
Globallashuv va internet odamzotga olamni avvalgidan kengroq miqyosda ko‘rishga imkon bermoqda. Zamondoshlarimiz muhabbat haqida qanday fikrda ekanini bilish uchun jahonning yuzlab shaharlarida tadqiqot o‘tkazish kerak.
Globallashuv natijasida dunyoda raqobat kuchaydi. Agar yigirma yil oldin oliygohni tamomlayotgan kishi uchun ish o‘rni va normal hayot tarzi kafolatlangan bo‘lsa, hozirda oliygohni bitirish hech narsani anglatmaydi va yaxshi hayot kafolatini bermaydi. Kishilar uchun hayotda va jamiyatda o‘z o‘rnini topish masalasi asosiy planga chiqqan. Zamonamiz yoshlari alkogol va tamakini kamroq iste’mol qilmoqda va shu bilan birga ularda o‘zaro muhabbat qo‘yish masalasi ham kamaygan. 25–30 yosh orasidagi shunday yoshlar qatlami borki, ular o‘z ishi va karyerasiga juda mukkasidan ketgan va ular shaxsiy hayot, ko‘payish masalalariga vaqt ajratishni istamaydi. Ular kimnidir uchratib qolib, sevib qolish va natijada hayotini nazorat qila olmay qolishdan qo‘rqadi.
Katta shaharlarda hayot tig‘izlashgan, raqobat kuchaygan; shuning uchun odamlar endi sevgi-muhabbat haqida 10–20 yil avvalgidan ko‘ra boshqacha fikrlamoqda va endi hatto bu haqda o‘ylash uchun ham odamlarda vaqt kam. Buning sababi shuki, dunyo kuchli globallashdi, odamlarda boshqa shahar yoki mamlakatda o‘qish va ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Muvaffaqiyatga erishishni istagan odam bugun avvalgi avlod vakillaridan ko‘ra ko‘proq ter to‘kishi, tinmay mehnat qilishiga to‘g‘ri kelyapti, aks holda u o‘ziga o‘xshaganlarga raqobatni boy beradi. Odamlarda mehr-muhabbat, oqibat va hamdardlik uchun vaqt ortmayapti.
Muhabbatning mediadagi timsoli
XX asr odami kundalik ratsional turmush tarziga ega edi va u davriy ravishda hordiq chiqarib, tin olishiga imkon bor edi. Ko‘plab madaniyatlarda xalq sayillari keng tarqalgan narsa bo‘lib, odamlar ommaviy ko‘chaga chiqar va jamiyat o‘zining kundalik tashvishlarini birozga unutib, turli cheklov va “chizib qo‘yilgan chiziq”lardan biroz tashqariga chiqardi.
XX asrda muhabbat kino, adabiyot va tasviriy san’at vositasida ko‘proq tarannum etilardi. O‘sha paytlarda, shuningdek, jangari sahnalar, chekish va hokazolar singari inson fitratidagi hayvoniy hislar ham ba’zan oshkora ko‘rsatilardi. XXI asrda esa bu kabi sahnalarni deyarli ko‘rmaysiz; bu orqali kishi ularsiz ham yashay olishini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi. Bo‘lishi mumkin, chunki, faylasuflarga shunday ko‘ringani bilan, odamlar baribir shunchaki biologik mavjudot emas harholda.
Raqamli muhitning odamlar orasidagi o‘zaro munosabatlarga ta’siri
Odamlar zamonaviy texnologiyalarning faqat ijobiy samarasini qabul qilishga va salbiylarini chetlab o‘tishga qodirmiz deb o‘ylaydi. Afsuski, buning imkoni yo‘q. Har qanday texnologiyaning ijobiy samarasi bilan birga salbiy oqibati ham bo‘ladi. Masalan, zamonaviy yirik shaharlardagi hayot qishloqlardagidan ko‘ra qiziqroq bo‘lgani bilan, shaharliklarda stress va kasodga uchrash ko‘p uchraydi. Shunga qaramay, texnologiyalar katta-katta yangi imkoniyatlar ochmoqda va ularning ijobiy samarasi ko‘proq bo‘lyapti.
Izoh (0)