Har qanday oziq-ovqat ishlab chiqarishda ma’lum miqdorda nuqsonli mahsulotlardan foydalaniladi. Sut sanoati ham bundan mustasno emas. Kaliforniyalik tashabbuskorlar biror sababga ko‘ra sotilmay qolgan yoki yaroqsiz deb topilgan sut miqdorini kamaytirishga qaror qildi.
TravelAsk’ning yozishicha, qimmatli mahsulotni chiqindilar bilan to‘kmaslik uchun olimlar undan kiyim-kechak ishlab chiqarishda xomashyo sifatida foydalanishni tavsiya etdi.
Kaliforniyadagi “Mi Terro” kompaniyasi vakillari sutni qayta ishlash sxemasini ishlab chiqqan bo‘lib, u kazein oqsilidan foydalanishga asoslangan. Sigir sutida oqsillarning bir necha turi mavjud bo‘lib, kazein sutning achish jarayonida hosil bo‘ladi. Bu qimmatli tarkibiy qism sutdan fermentlanish natijasida olinadi va hosil bo‘lgan kukundan keyinchalik ip olishda foydalaniladi.
Quruq kukunsimon kozein bir necha kimyoviy moddalar bilan ishlov beriladi va kozein ipiga aylantiriladi. Hosil bo‘lgan ipdan futbolka tikishda foydalaniladigan trikotaj mato tayyorlanadi.
Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, kazeindan tayyorlangan mato paxtadan tayyorlanganidan hech ham kam emas va qaysidir jihatdan undan ustun ham. Masalan, kazeinli futbolka antibakterial xususiyatga ega bo‘lib, u g‘ijim bo‘lmaydi va namlikni shimmaydi. Umuman olganda, bunday matodan paxtadan ishlangan mato kabi foydalanish mumkin.
Izoh (0)