Chimkent chekkasida yashovchi aholini qoraqurtlar chaqishni boshladi, deb xabar bermoqda “Zakon.kz”. Qayd etilishicha, bugungi kunga kelib 23 kishini qoraqurt chaqqan.
“Jabrlanganlar ko‘pincha tunda murojaat qiladi. Chunki qoraqurtlar, asosan, tungi soat 2 dan keyin chaqadi. U ko‘pincha ko‘chada uxlayotgan odamlar to‘shagiga o‘rmalab keladi”, — degan Giperbolik oksigenatsiya markazining toksikologiya bo‘limi boshlig‘i Asilxan Minbosinov.
Shifokorlar ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning hammasi erkaklardir. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, chaqish darrov bilinadi, lekin uning xavfli oqibatlari oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyingina boshlanadi. Dastlab bo‘g‘inlarda og‘riq paydo bo‘ladi, keyin ko‘krakni siqishni boshlaydi, undan keyin esa odamga havo yetishmay qoladi.
“Men kooperativ hududni qo‘riqlayman. Tekshirish uchun aylanib chiqish vaqtida oyog‘imda og‘riq sezdim. Qoraqurtni o‘ldirdim, lekin oradan vaqt o‘tib mazam qochdi. Dam olish uchun yotdim, ikki soatdan keyin esa hatto oyoqlarimni ham sezmay qoldim. Nafas olishim qiyinlashdi, o‘lib qolaman deb o‘ylagandim. Tez yordam chaqirtirishdi, mana hozir kasalxonadaman”, — degan qoraqurt chaqqan bemorlardan biri.
Izoh (0)