O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 3-iyul kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Namangan viloyatida xalq ta’limi tizimi xodimlari ommaviy majburiy mehnatga jalb etilgani holatiga munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Namanganning Kosonsoy tumanidagi 54 ta maktab xodimlari 29-iyun kuni tumandagi Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yiga beton quyish ishlariga majburlangani ma’lum bo‘lgan edi. “Kun.uz”ning yozishicha, “mazkur qurilishlarga o‘qituvchilar majburan, har xil do‘q-po‘pisalar bilan olib chiqilgan”.
Vazir Shermatov ushbu masalaga to‘xtalarkan, o‘qituvchilarni ekspluatatsiya qilish holatlari barham berilgani, biroq tizimdagi texnik xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari davom etayotganini ta’kidladi.
“Namangandagi holat haqida so‘rasam, ‘texnik xodimlar jalb etilgan’, deyishdi. Bu bahona emas. Ular ham xalq ta’limi tizimi xodimi. Mehnat kodeksi hamma uchun bir xil”, — dedi vazir.
Vazir Sherzod Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, 2018-yilgi paxta terimiga ham xalq ta’limi tizimidan asosan texnik xodimlar jalb qilingan.
“O‘qituvchilar tizimli ekspluatatsiya qilinishining oldi olindi. Masalan, 2018-yili 14-avgustda Prezident qarori chiqqaniga qaramay, paxta yig‘im-terimi mavsumi yaqinlashavergani sayin, o‘qituvchilar mendan xavotir bilan: ‘Bu yil rostdan ham terimga chiqmaymizmi?’, deb so‘ragandi. O‘tgan yil o‘qituvchilar paxtaga yoppasiga olib chiqilgani yo‘q. Bir-ikki joyda texnik xodimlarni terimga jalb qilish holatlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin texnik xodim ham — xalq ta’limi tizimi xodimi. Bu — texnik xodim, bunisi — o‘qituvchi, deb ajratishga va xalq ta’limi tizimi xodimini o‘zboshimchalik bilan boshqa joyda majburiy ishlatishga hech kimning haqi yo‘q”, — dedi vazir.
Izoh (0)