Shu yil aprel oyi oxirida Uzbekistan Airways Singapurga uchishni to‘xtatdi, deb yozadi “Xalq so‘zi Online”.
Aviakompaniya 2014-yil aprelidan boshlab ushbu mamlakaga reyslarni yo‘lga qo‘ygandi. UzAirways samolyotlari Toshkent — Kuala-Lumpur — Singapur — Toshkent va Toshkent — Singapur — Kuala-Lumpur — Toshkent yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirgan.
Singapurga oxirgi reys shu yil 26-aprel kuni bo‘lgan. Uzbekistan Airways o‘sha grafik bo‘yicha haftasiga ikki marta Kuala-Lumpurga uchishda davom etib, faqat Singapurni Indoneziya poytaxti Jakartaga almashtirgan edi.
Dastlabki natijalar Indoneziyadan O‘zbekistonga yashrif buyurayotgan turistlar soni oshganini ko‘rsatyapti.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonga Indoneziyadan 172 nafar sayyoh kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 41 foizga ko‘pdir.
Singapurga reys yo‘q bo‘lishiga qaramay, ushbu shahar-davlatdan mamlakatga keluvchilar soni bor-yo‘g‘i 6,3 foiz kamaygan — 2019-yil may oyida 118 nafar, 2018-yil may oyida esa 126 nafar turist.
2018-yilda Singapur (1782 nafar) O‘zbekistonga sayyohlar oqimi bo‘yicha Indoneziya(1589)ni ortda qoldirgandi. Vaholonki, Indoneziyaning aholisi qariyb 269 million bo‘lsa, Singapurniki bor-yo‘g‘i 5,8 milliondir.
Aholining umumiy soni foizlarda hisoblab chiqilsa, Singapur Indoneziyani O‘zbekistonga keladigan turistlar soni bo‘yicha bir necha marta ortda qoldirmoqda va bu jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yopilishiga qaramay davom etyapti.
Izoh (0)