Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili Shahobiddin Zoirov (2 ta g‘alaba, 2 ta nokaut) 12-iyul kuni o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda GoSport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, shu kuni Zoirov Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi “Qirol Abdulla Sport Siti” stadionida hindistonlik yengilmas bokschi Amandip Singxga (4 ta g‘alaba, 1 ta nokaut) qarshi ringga ko‘tariladi. Jang 6 raunddan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan.
Mazkur boks oqshomida bir qator yulduz bokschilar Hyugi Fyuri (22 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat, 12 ta nokaut), Prins Patel (19 ta g‘alaba, 1 ta durang, 14 ta nokaut), Deyv Penasola (15 ta g‘alaba, 11 ta nokaut) kabi bokschilar ringga ko‘tariladi. Kechaning asosiy jangida esa sobiq jahon chempioni, britaniyalik Amir Xon (33 ta g‘alaba, 5 ta mag‘lubiyat, 20 ta nokaut) avstraliyalik sobiq jahon chempioni Billi Dibga (45 ta g‘alaba, 5 ta mag‘lubiyat, 26 ta nokaut) qarshi yarim o‘rta (-66,68 kg) vazn toifasining WBC International kamari uchun ringga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Shahobiddin Zoirov so‘nggi bor 18-may kuni Daniyada gruziyalik Mishiko Shubitidzeni (12 ta g‘alaba, 15 ta mag‘lubiyat, 3 ta durang, 5 ta nokaut) birinchi raunddayoq nokautga uchratib g‘alaba qozongandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)