O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘zining Instagram sahifasiga Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlayotgan va unga ozodlik so‘rayotgan xonandalarni tanqid qilgan videosini joyladi. Bu haqda Repost xabar berdi.

“Bir safar ular (Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlagan xonandalar — tahririyat izohi) gapirishgan edi, indamagan edim. Bu safar haddidan oshib ketdi. San’atkorlarimiz qattiq sog‘inib, yuraklari ezilib ketibdi. Gulnora Karimovani sog‘inib, “Biz sog‘indik. Qachon chiqasiz?” deyishibdi. Chiqadi boshingizga. Balo bo‘lib.

Yoki juda yaqin tanirmidinglar? Mendan so‘rasangiz bo‘ladi. Yonlarida xizmatda bo‘lib, ertalabgacha mana shunday qilib, pulimni olomay o‘tirgan kunlarim bo‘lgan. Mendan so‘rasangiz bo‘ladi. Ey, qachon ko‘zingiz ochiladi, musulmonlar?! Sizlar bitta mikrofonni ushlab bugun ashula aytyapsizlar, ertaga hech kim emassiz. Nega xalqni boshini aylantiryapsizlar?

Gulnora Karimovani davlat bilgan 1 milliardi tashqarida. 1 milliard dollarda gapiryapmiz. Men 1 milliard so‘mni gapirayotganim yo‘q. davlatning 1 tiyini ham xalqniki. Tushundinglarmi? Hali bilmagani qancha.

Kim nima desa orqasidan ergashib… bo‘ldi qilinglar endi. Oldin siyosatchilar bizga tegardi, endi sizlar nimaga tegyapsizlar? Bu pulni kim qaytaradi? Bu xalqning puli. Seniki bilan meniki emas u. U xalqning puli, davlatning puli. U sen bilganing, bilmaganing qancha. Shuncha beva-bechoraga uylar berildi, qiynalganga yordam berilyapti, qachon shunday bo‘lgan?  Nima uchun bu pulni so‘ramasligimiz kerak? So‘raymiz! Men hozir o‘sha pulni qaytib kelishi tarafdoriman.

U pulga bilasizlarmi, nima qilsa bo‘ladi? Bog‘chalar, oilasini zo‘rg‘a tebratayotganlar bor, orzu-havasda yurganlar bor, oylikdan oylikkacha zo‘rg‘a yashaydiganlar bor, ota-onasi ishga ketib, o‘lib ketganlar qancha, o‘shalarga pul kerak. Yetim-yesirga kerak. Bog‘cha kerak, maktab kerak, bilim kerak, kitob kerak. Bu qayerdan keladi, aytinglar? Siz o‘g‘rilab qochsangiz, anavinisi qochsa.. Men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak? U o‘g‘ri-ku. Yig‘ishtiringlar bunaqa xom-xatala gaplaringizni!

Ijod qilinglar! Mikrofonni olib, tuzukroq ashula aytishni o‘rganinglar. Bugun sizlarni kamchiliklaringizni aytmayotgan bo‘lsak, bu haddilaringdan oshish degani emas. Siyosatchilar bizga tegardi, hafa bo‘lib intervyu bergandik. Bugun tegmayapti bizga. Nega sizlar siyosatchilarga tegyapsizlar?! Achchig‘im kelayotgani shu.

Boshidan suv tommagan odam bimaydi nima ekanligini. Men sizlarga aytay. Chaqirsa bormasang “zapret”, boshingga kuvalda tushadi. Borsang, pulingni olomay qaytasan. Men yaxshi bilaman bu kunlarni. Yilning yarmisi xizmatda o‘tardi. Hozir pul ishlayapmiz-ku. Otlaringni bitta-bitta aytib chiqishim mumkin. Sog‘inayotganlar, Jahongir akani (Toshkent shahar hokimi —tahririyat izohi) qo‘lidan chiqqan san’atkorlar, so‘ranglarchi, Jahongir aka sog‘inyaptimikan. Shahar hokimi. Hech kim sog‘inib, o‘layotgani yo‘q. Chunki uning boshiga qor tushganda o‘zi kuradi va o‘sha qorni kim yog‘dirganini biladi. Sizlar bilib-bilmay aralashaverasizlarmi? Agar hozir bitta-bitta otingni aytadigan bo‘lsam, xalqni ichida la’natga qolib ketasizlar. Sizlar kechasi tinch uxlayapsizlar. Kechasi 2 da ham, 3 da ham “nochnushka”da ketib, ashula aytmagansizlar-ku. Men aytganman, bilaman. “Zapret” bo‘lganlardan so‘ranglar. Bugungi kun — xalqning davri. Xursand bo‘linglar. Omon-omon zamonda yashayotganga Ollohga shukrona qilib, xalqni etagini o‘pib, xalqqa xizmat qilinglar”.

Foto: Instagram

“Men bilmagan narsalarim bor ekan. O‘zim uchun tegishli xulosa chiqardim. Maslahatingiz uchun katta rahmat. Men o‘zbek xalqini yaxshi ko‘raman  va umrimning oxirigacha xizmat qilaman”, — deya izoh qoldirgan xonanda Jahongir Foziljonov.

Eslatib o‘tamiz, 25-iyun kuni o‘zbek shou-biznesi yulduzlari o‘zlarining Instagram sahifalarida Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlab, challenge uyushtirgan edi. Artistlardan Jahongir Foziljonov, Ziyoda, Halima Ibragimova o‘zlarining Instagram sahifalariga Gulnora Karimovaning suratini joylab, unga tezroq tuzalib ketishini va oilasiga qaytishini tilagan. Aynan shu kuni Halima Ibragimova va Ziyoda bir necha soatdan keyin o‘zlarining postlarini o‘chirib tashlagan.

https://www.instagram.com/p/BzNN4Ehjoud/