Moskvada odamlarni zaharlash va o‘g‘irliklar sodir etishda gumonlanib 26 yoshli Kabardino-Balkariya fuqarosi qo‘lga olindi, deb xabar beradi Meduza.
Ma’lum bo‘lishicha, Murat Sabanov ismli fuqaro shahar markazida odamlarga ichiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi modda qo‘shilgan ichimlik ulashgan va hushidan ketgan yo‘lovchilarni o‘marish bilan shug‘ullangan.
Gumonlanuvchining yonidan trankvilizator va neyroleptiklar topilgan. Hozirda unga nisbatan o‘g‘irlik va bezorilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Village nashrining yozishicha, Murat Sabanovning xatti-harakatlari oqibatida kamida 24 kishi jabrlangan, ularning ayrimlari vaqtincha koma holatiga ham tushib qolgan. Gumonlanuvchi 17 kishini o‘marganini tan olgan, biroq ularni zaharlaganini rad etgan.
Gumonlanuvchi onasining so‘zlariga ko‘ra, Murat yoshlidan politsiyachi bo‘lishni orzu qilgan. Yigitcha avvaliga Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnodar universitetidagi filialiga o‘qishga kirgan va u yerda ikki yil o‘qigan (universitetdagilar buni rad etmoqda), shundan so‘ng Moskva yuridik institutida tahsil olgan. Armiyada xizmat qilib Moskvaga jo‘nab ketgan. Bir necha bor ichki ishlar organiga hujjat topshirgan, biroq propiskasi yo‘qligi sabab uni xizmatga olishmagan.
Izoh (0)