13-iyunga o‘tar kechasi soat taxminan 01:30 da poytaxtning Chilonzor tumanida profilaktika inspektori o‘z hududida xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtida salonida uch nafar noma’lum shaxs bo‘lgan Lacetti avtomobili e’tiborini tortadi. Ularning shaxsini aniqlash maqsadida oldiga borib shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini so‘raydi. Biroq haydovchi inspektorning talabiga bo‘ysunmay, avtomobilni harakatga keltiradi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Inspektor mashinaga oldiga turib olsa-da, u harakatlanishda davom etadi. IIB xodimi mashina urilishidan qochish uchun kapot qismiga chiqib olishga majbur bo‘ladi. Birozdan so‘ng avtomobilning ustidan sakrab tushib qoladi, haydovchi esa voqea joyidan yashirinadi.
Xabarda aytilishicha, qisqa vaqt ichida avtomobil topilib, haydovchi va yo‘lovchi qo‘lga olingan. Tekshiruvlar chog‘ida 28 yoshli haydovchi Sherzod R., 36 yoshli Sohib X. va 18 yoshli Alena K. taqiqlangan psixotrop dori vositalarini qabul qilganligi aniqlangan.
Holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi IIBB xabarida.
Izoh (0)