Tadbirkor va taniqli bloger Firuz Allayev 25-may — o‘quv yilining tugashi munosabati bilan maktab bitiruvchilariga o‘zining maslahatlarini berdi. U o‘z hayot yo‘lidan kelib chiqqan holda muvaffaqiyatga erishish sirlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Google Photos

Bugun 25-may. 100 minglab ukalarimiz, singillarimiz maktab yoki kollejni tugatib, katta hayotga qadam qo‘yadi. Bundan 12 yil oldin maktabni tugatganim esimga tushib ketdi; odam o‘sha onlarga qaytganday bo‘ldi.

Hozir men o‘sha onlarni eslab, bugun maktabni bitirayotganlarga murojaat qilmoqchiman. Murojaat mening shaxsiy hayotimdan kelib chiqqan va buni so‘nggi instansiyadagi haqiqat deb uqtirmoqchi emasman. Shunchaki bundan 12 yil oldin qishloqdagi maktab-internatni tugatgan, bugun esa o‘z orzulariga birin-ketin erishayotgan insonning o‘zidan kichiklarga chin kalbdan murojaati bu.

Hurmatli ukajon, hurmatli singlim. Bugun sen uchun qanchalik hayajonli kun ekanini juda yaxshi tushunaman. Ayniqsa menga o‘xshagan romantik va ko‘ngli yarim odam buni yanada yaxshi tushunadi. Bugun senga o‘z tajribamdan kelib chiqib ba’zi maslahatlarni bermoqchiman. Bugun birinchi muallim, birinchi bayram, birinchi sevgi, ajoyib do‘stlarni bergan maktab tugadi va bu senga shunchaki shirin xotira bo‘lib qolishi mumkin. Bugun sen endi o‘zing uchun javobgar bo‘lib, mustaqil hayotni boshlaysan.

Eng yomon qarg‘ish nima deb so‘rashsa, o‘tish davrida yashagin degan qarg‘ish, deb javob bergan ekan bir faylasuf. Men o‘sha o‘tish davrida o‘qigan, undan keyin yangi o‘tish davrida mehnat qilayotgan odamman. Aksar tengdoshlari mardikor, gastarbayter va davlat ishida maoshi yetmaganidan qo‘rqib pora olib yurgan yo‘qotilgan avlod vakiliman. Biz miya ayovsiz yuvilgan, lekin hali internet va zamonaviy bilimlar kirib kelmagan, erkinlashmagan zamonda o‘qidik, biz oila boqaman deb tirishgan odam avtobusda yonadigan zamonda yashayapmiz. Ta’lim tizimi tomiri bilan chirigan davr bizga to‘g‘ri keldi; qaraginki, mamlakatda erkinlik shamoli esib, yangiliklar davri boshlangan, eski va yangi avlod o‘rtasidagi farq muammolar yaratayotgan, islohotlar qilinib, lekin aynan konservatorlar sabab ular sekinlashayotgan g‘alati bir zamonda yashab turimmiz.

Sen esa erkin hayotga yangi bir davrda qadam qo‘yapsan. Bu yangi davr juda ko‘p va’dalarni beryapti. Erkinlik shamolini ko‘rib, yangi davr bugungi kundan yaxshi bo‘lishiga ishonaman. Shaxs sifatida shakllanishga, bilim olishga, o‘zingni hayotda topishga 7–8, ota-onang, yashaydigan joying zamonaviy joy bo‘lsa, 10 yil vaqting bor. Mana shu 10 yil sen qolgan umringda kim bo‘lib yashashingni hal qiladi. 10 yildan keyin tengdoshlaringning aksar qismi ma’lum bir kasb egasi bo‘ladi. Ularning hayot yo‘li shakllangan, bir izga tushgan bo‘ladi.

Mana shu keyingi 10 yil uchun senga bir-ikki samimiy maslahatlarimni bermoqchiman.

Sen avvalo shaxs sifatida shakllanishing, o‘z fikriga, jamiyatda o‘rniga ega insonga aylanishing kerak. Jamiyat ham, davlat ham fuqarolardan iborat. Sening va mening dunyoqarashimiz, fikrlashimiz, o‘zimizni tutishimiz mana shu jamiyat va davlatning taqdirini hal qiladi. Shu uchun ham birinchi navbatda shaxs sifatida shakllanishing, shu davlat va jamiyatning ilg‘or farzandi bo‘lishing kerak.

Avvalo shaxs sifatida shakllanish uchun birinchi maslahatim: til o‘rgan. Bugungi kunda zamonaviy bilimlarning 99 foizi o‘zbek tiliga tarjima qilinmaydi va yetib kelmaydi. Shu uchun ham zamonaviy dunyodan ortda qolmasliging, kerakli axborotni olishing, onging, dunyoqarashing, tanqidiy fikrlashing, tolerantliging shakllanishi uchun chet tilini o‘rganish kerak. Eski sovet davridan qolgan metodika senga kerak emas. Internetdan, zamonaviy o‘qituvchilardan zamonaviy metodlar asosida ingliz, fransuz, nemis yoki rus tilini bir yilda yaxshi o‘rganishing mumkin. Mana shu chet tili senga butun dunyoni ochishingga kalit bo‘lib xizmat qiladi.

Fikrlash, mantiq shakllanishi, umuman shaxs sifatida shakllanishing uchun ikkinchi maslahatim: kitob o‘qi. Har kuni besh bet bo‘lsa-da kitob o‘qi, hech bo‘lmaganda tunda uxlashdan oldin miyani charchatish uchun kitob o‘qi. Mana shu o‘qib borayotgan kitoblaring o‘zingga sezilmagan holda tabiating va dunyoqarashingni shakllantiradi.

Sayohat qil. Dunyoqarash va fikrlash rivojlanib borishi, yangi qirralaringni ochish uchun ko‘proq sayohat qil. Qo‘shni mahallaga sayohat qil, qo‘shni tumanga sayohat qil, tarixiy shaharlarga sayohat qil, o‘z shahringdagi go‘zal joylarni borib ko‘r. Bir kun kelib moliyaviy imkoniyat paydo bo‘lganda so‘nggi iPhone yoki monopol amakingni xursand qilish uchun yangi Matiz sotib olishga shoshilma, yaxshisi shu pulga sayohat qil.

Yoshlik — sho‘xlik davri. Bugungi rivojlanish davrida odamni lazzatga chaqiradigan, vaqtingni, umringni yeb qo‘yadigan narsalar ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlar va shunga o‘xshash boshqa narsalar umringni sovurishdan boshqasiga yaramaydi. Buni senga umrining ancha qismini ijtimoiy tarmoqda o‘tkazgan odam sifatida aytaman. Shu uchun ham hamma narsada me’yorni bilib, umringni o‘zing uchun foydali deb bilgan narsalargagina sarfla.

Turmush qurish haqida o‘ylama. Yoshlikda gormonlar o‘z ishini qiladi, inson uchun birinchi ahamiyatli narsa turmush qurishday tuyilaveradi. Hech qachon uylanishga yoki turmush qurishga shoshilma. Bu haqdagi o‘ylar qanchalik energiyangni va xayolingni yeb qo‘yishini juda yaxshi bilaman. O‘zim ham sendek bo‘lganman. Turmush qurishda bir onlik muhabbat muhim emas, muhimi — seni boringcha qabul qila oladigan, seni tushunadigan, sen ham uni boricha qabul qila oladigan odamni topishing, tabiatlaringiz bir-biriga mos tushishi. Bir ko‘rishda bir-birini sevib qolib, bir yilga bormasdan turmush qurib, keyin ajrashib ketganlarni juda ko‘p ko‘rdim. Shu uchun ham shoshilma. Sen hayotda o‘z yo‘lingni topsang, haqiqiy inson sifatida shakllansang, o‘zingga munosib umr yo‘ldoshini doim topasan. Shu uchun ham bu masalani yaxshisi 25 yoshdan keyinga qoldir.

Eng avvalo sen o‘z fikringga ega bo‘l. Har bir eshitgan haqiqatingni eng so‘nggi haqiqat deb qabul qilma. Bugun hamma manipulyatsiya qilinadigan axborot urushi zamonidamiz. Bu zamonda har qanday ma’lumotni filtr qila bilish, tekshirib ko‘rish, shubha qilish sen uchun foydali. Agar sen har bir ma’lumotni tahrir qilib, o‘zing uchun foydalisini olib bilsang, o‘z aql tarozingga sola olsang, tabriklayman, jamiyatning katta qismidan o‘tib bilding. O‘z fikringga ega bo‘lishing, har bir qaroringni o‘z fikringdan kelib chiqib qabul qilishing juda muhim. Har qanday ma’lumot hayoting uchun muhim yoki muhim emasligini tahlil qil. Ishon, Ronaldu yoki Messining zo‘rligi, Rayhonning yana bir bor erga tekkani yoki Halimaning ijtimoiy tarmoqda kim bilandir urishgani hayoting uchun foydasiz ma’lumot.

Kasb tanlashda ehtiyot bo‘l, tanlagan kasbingda professional bo‘l. Zamon o‘zgarmoqda, kasblar va ularga bo‘lgan talab ham. Bugun dolzarb bo‘lgan kasblar ertaga yo‘qolib, o‘rnini boshqa kasblar egallaydi. Shuning uchun kasb tanlashda kelajak haqida o‘yla. Tanlagan kasbingda professional bo‘lish haqida o‘yla. Biz ulkan o‘zgarishlar ostonasida turibmiz, o‘zgarishlar natija bermayotganining asosiy sabablaridan biri esa kadrlar yetishmovchiligidir. Sen kasb dunyosiga kirib kelgan bir vaqtda bu muammo yanada avj olgan, professional kadrlarga talab yanada oshgan bo‘ladi. Shu uchun ham o‘z sohang uchun zamonaviy dunyoda eng muhim bo‘lgan kitoblarni o‘qi, o‘z sohangning eng zo‘rlarini internet orqali kuzatib bor, o‘z ustingda ko‘proq ishla. Oliy toifali o‘qituvchi bo‘lgan bobom har doim aytardilar: bir kishi o‘z sohasida yaxshi mutaxassisga aylanishi uchun o‘sha sohada kamida besh yil ishlashi kerak. Yaqindagina biz tarjimasini qilgan “Zukkolar va landavurlar” kitobida aynan shu narsani “10 000 soat qoidasi” deb ko‘rsatgan. Ya’ni o‘z sohangda mutaxassis bo‘lish uchun kamida 10 000 soat real tajriba bo‘lishi kerak. Haqiqiy professional bo‘lishga harakat qil.

Jamiyat chizib bergan chiziq bo‘ylab yurishing shart emas. Biz juda konvervativ jamiyatda yashaymiz. Bizda tug‘ilganingdan ota-ona va jamiyat, atrof-muhit hayot yo‘lingni chiza boshlaydi va butun umr sen o‘sha chiziqdan chiqmasliging uchun harakat qiladi. O‘zgarishlardan, yangilikdan qo‘rqadigan jamiyatmiz. Ularning nazdida sen uchun ideal hayot tug‘ilish, maktab, oliy ta’lim yoki armiya, uylanish, farzandlik bo‘lish, davlatning katta ishida ishlash, uy qurish, to‘y qilish va pensiya yoshida ibodatingni qilib olamdan o‘tishdir. Sen robot emassan, sen jamiyat tomonidan dasturlanmagansan, sen erkin shaxssan. Shu uchun ham avvalo eski standartlardan qochib, baxtli yashash imkonini beradigan hayotni yaratishga harakat qil. Jamiyat havas qiladigan ming kishi chaqiriladigan to‘y qilish baxt emas, jamiyat havas qiladigan ikki qavatli hovli qurish baxt emas, jamiyat havas qiladigan eng so‘nggi Malibu olish baxt emas, jamiyat havas qiladigan, har bir qarashidan yuzlab xodim qo‘rqadigan, kechki soat 12:00 da ham majlisma-majlis yuradigan rahbar bo‘lish baxt emas. Sen o‘z yo‘lingni yarat, ota-onangdek bo‘lma. Ularni hurmat qil, ularga mehr ber, lekin sen mustaqil insonsan. O‘z yo‘lingni, o‘z hayotingni yarat.

Tolerant va bag‘rikeng bo‘l. Hammani boricha qabul qilishga harakat qil. Xudo odamlarni turli xil qilib yaratgan. Hammaning dunyoqarashi har xil, dini boshqa, millati boshqa. Har kimda dunyoqarash, fikrlash, odatlar o‘zi yashaydigan dunyodan, shaxsiy tajribasidan kelib chiqib shakllanadi. Insoniyatning go‘zalligi ham uning turliligida, bir-biridan farqidadir. Shu uchun ham tolerant bo‘lishni o‘rgan. Qaysidir millat, qaysidir din, qaysidir urug‘, qaysidir jins vakili bo‘lganing uchun boshqalardan ustun emassan. Avvalo har bir insonning dini, jinsi, kelib chiqishidan qat’iy nazar inson sifatida hurmat qil va inson sifatida eshit. Boshqalarga nafrat bilan emas, hurmat bilan yashasang, hayot ko‘zingga go‘zal ko‘rinadi.

So‘nggi maslahatim bugun ko‘pchilik bayroq qilib olgan vatanparvarlik haqida. Vatanparvar bo‘l! Lekin vatanparvarlik nima ekanini o‘zing uchun anglab ol. Vatanparvarlik bayroq ko‘tarib, ko‘ksiga urib selfi qilish emas. Vatanparvarlik profilga vatan haqida chiroyli postlar, she’rlar yoki bayroq rasmini qo‘yish emas. Vatanparvarlik qaysidir rahbarga paxta qo‘yish emas. Vatanparvarlik mana shu yashab turgan yering yanada yaxshi bo‘lishi uchun o‘zingni munosib tutishingdir. O‘z ishingni vijdonan qil, doim o‘rganishga, ulg‘ayishga tayyor bo‘l, haqiqiy professional bo‘l, jinoyatchilikdan, yomon ishlardan uzoq tur, ko‘chaga chiqindi tashlama, tabiatga, jamiyatga zararing tegmasin, yechilishi uchun o‘z vataningda muammolarni aytishdan, tanqid qilishdan qo‘rqma. Mana shu sening eng katta vatanparvarliging bo‘ladi.

Bular shunchaki oddiy qishloqdan chiqqan va bugun hayotda nimalargadir erishgan bir insonning maslahatlari. Umid qilamanki, mening yoshimda bugungidan erkinroq, bugungidan farovonroq, bugungidang ko‘ra qonun ustuvor bo‘ladigan, bugungidan ko‘ra o‘z salohiyatingni ro‘yobga chiqarish imkoniyati kattaroq bo‘ladigan mamlakatda yashaysan.

Katta hayotga xush kelibsan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.