Tailandning shimolida bir it o‘smir onasi tomonidan tiriklayin ko‘milgan yangi tug‘ilgan chaqaloqni qutqardi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, chaqaloqni 15 yoshli o‘smir onasi o‘z homiladorligini ota-onasidan berkitish uchun tashlab yuborgan.
Ping Pong ismli it baland ovozda vovullab, Ban Nong Kxam qishlog‘i yaqinidagi daladagi yerni qaziy boshlagan. Uning egasi keyin yerdan chiqib turgan chaqaloq oyog‘ini ko‘rgan.
Mahalliy aholi chaqaloqni zudlik bilan kasalxonaga keltirgan. Shifokorlar uni yuvib, tozalab, hali sog‘lom ekanini aytgan.
Ping Pongning egasi Usa Nisaykxa iti avtohalokatdan so‘ng bir oyog‘ini ishlata olmay qolganini aytgan.
“Men undan voz kechmadim, chunki u juda sodiq va itoatkor, — deydi Usa. — Men dalaga sigirlarni o‘tlatgani borganimda u doim menga yordam beradi. Butun qishloq uni yaxshi ko‘radi”.
Chaqaloqning onasi uni tashlab ketgani va qotillikka qo‘l urmoqchi bo‘lgani uchun javobgarlikka tortilgan.
Mahalliy politsiya ofitseri Panuvat Puttakam u ota-onasi va psixologlar nazoratida ekanini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qiz qilgan ishidan pushaymon, uning ota-onasi esa chaqaloqni tarbiyasiga olishga qaror qilgan.
Izoh (0)