13-may, dushanba kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkmaniston Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Memorandumga asosan, tomonlar o‘rtasida do‘stona va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ko‘pgina sport turlari bo‘yicha ikki mamlakat terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish, murabbiylar malakasini oshirish, o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, Turkmaniston 2017-yili Jang san’ati va va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Ushbu mamlakat yirik kompleks sport musobaqasini o‘tkazish borasida yetarli tajribaga ega.
O‘zbekiston esa 2028-yili yozgi “Osiyo bolalari” o‘yinlari va 2030-yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun harakat qilmoqda. Shunday ekan, bu borada Turkmaniston Milliy olimpiya qo‘mitasining tajribasi o‘zaro hamkorlikda asqatadigan muhim jihatlardan hisoblanadi.
Mazkur memorandum O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov va Turkmaniston MOQ Bosh kotibi Azat Muratov tomonidan imzolandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)