Bundan ikki kun oldin Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi bir guruhda tarmoq foydalanuvchilaridan biri tomonidan “Urgutdagi Chorchinor ziyoratgohida ming yillik chinorlarni ayovsiz kesib tashlashyapti” deb post qo‘yildi va postga bir surat ham ilova qilindi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu masalaga aniqlik kiritish uchun mashhur ziyoratgohdagi vaziyatni o‘rgandi.
Men o‘sha post haqida kecha xabar topdim va hayron bo‘ldim. Sababi, oxirgi o‘n kun ichida Chorchinor ziyoratgohiga uch marta chiqdim. U yerdagi keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilayotgani guvohi bo‘ldim. Ammo kesilgan chinorga yoki chinorlarga ko‘zim tushmagan edi. Kecha Facebook’dagi o‘sha xabardan keyin “balk men oxirgi marta borganimdan keyin kesishganmikin?” degan gumon bilan tushdan keyin yana ziyoratgohga chiqib bordim.
Yo‘q, hammasi joyida turibdi. Chinorlarni avval qanday ko‘rgan bo‘lsam, hammasi ko‘kka bo‘y cho‘zib, o‘shanday holida turibdi. Quruvchilar, ishchilar o‘z yumushlari bilan band. Shu o‘rinda “ziyoratgohda qanday qurilishlar bo‘lyapti?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Ziyoratgohning ichida XX asr boshida tiklangan “Shayx Muhiddinxon” nomli masjid ham bor.
Masjid bugungi kunda ham faoliyat yuritadi. Unda besh mahal namoz va juma namozlari o‘qiladi. Masjid tahoratxonasi ziyoratgohning bir chetida, ko‘cha yoqasida, sanitariya talablariga umuman javob bermaydigan holatda edi va ziyoratgohga kelayotgan ziyoratchilar uchun ham, masjidga ibodatga kelayotganlar uchun ham noqulaylik tug‘dirayotgandi.
Bugun o‘sha eski tahoratxona buzib tashlanib, o‘rniga zamonaviy tahoratxona qurilyapti. Ziyoratgohni o‘rab turgan devor va panjaralar yangilanyapti. Shuningdek, 12 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli mehmonxona qurilyapti. Ikki qavatli yana bir binoda majlislar zali, kutubxona, esdaliklar do‘koni o‘rin oladi.
Bu ishlarning hammasi ziyoratgohning bir chetida, oldin pastqam va tartibsiz qilib qurilgan binolar buzilib, o‘shalarning o‘rnida tiklanyapti. Aslo chinorlarni kesib emas.
Ziyoratgohni obodonlashtirish ishlari, qurilayotgan turli binolar ziyoratgohdagi ming yillik chinorlarga umuman zarar yetkazmaydi. Sababi, ular ziyoratgoh hududida shu paytgacha yaroqsiz holda bo‘lgan panjara va devorlarni, eski binolarni buzib, o‘rniga yangilarini tiklayapti.
Bu ishlar uchun ziyoratgoh hududidan bir qarich ham joy olinayotgani yo‘q. Shuningdek, bu yerda ishlayotgan quruvchilar va ishchilarga ushbu ziyoratgohdagi har bir daraxt tarixiy ahamiyatga ega va qimmatli ekani tushuntirilgan. Shu tufayli quruvchilar va ishchilar nihoyatda ehtiyot bo‘lib ishlayapti.
Ziyoratgohni aylanib kesilgan bironta kesilgan daraxtni topa olmay, shu o‘rinda eslatib ketaman, ziyoratgohni har bir burchagiga diqqat bilan qarab chiqdim, so‘ng ushbu ziyoratgoh ichida joylashgan “Shayx Muhiddinxon” jome masjidi imom xatibi Nodir Tursunov bilan biroz suhbatlashdim.
Nodir Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, ziyoratgohdagi ta’mirlash ishlari boshlangandan beri u masjid xodimlari bilan birgalikda quruvchilar va ishchilarga ehtiyotkorlik bilan ishlash haqida maslahatlar berib, holatni doimiy nazorat qilib turibdi.
Shuningdek, imom domla Facebook’da tarqatilgan o‘sha xabardan qattiq xafa bo‘lganini bildirdi va yolg‘onchilik insondagi salbiy illatlar orasida eng yomoni ekanini, shu uchun ham Payg‘ambarimiz s.a.v. “Yolg‘onchi mening ummatim emas” deb yolg‘onchilarni ham, yolg‘onni ham xushlamaganlarini ta’kidlab aytganlarini eslatdi.
Shundan so‘ng quruvchilarga boshchilik qilayotgan Shuhrat Do‘stmurodov bilan suhbatlashdim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilishda ishlayotgan quruvchilar ham, oddiy ishchilar ham ushbu ziyoratgoh va undagi ming yillik chinorlarning ahamiyatini yaxshi biladi.
Shu uchun ham qilinayotgan ishlar bu yerdagi ming yillik chinorlarga va boshqa daraxtlarga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib bajarilyapti. Qurilish rahbaridan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasm haqida so‘raganimda u aslida chinorlardan birining kichik shoxi sinib, osilib qolgani va ziyoratchilarga xalaqit berayotgani tufayli tuman ekologiya va tabiatni muhofaza qilish bo‘limi ruxsati bilan kesib olinganini va bu ishni noto‘g‘ri talqin qilinishi esa har xil gap-so‘zlar urchishiga, asossiz mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lganini aytdi.
Shundan so‘ng ziyoratgohning yuqori qismida joylashgan buloqqa borib, undan qaynab chiqayotgan ma’danlarga boy suvdan to‘yib ichdim va ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan chinorlarni fotoga muhrlab, bu joyga qurilish va ta’mirlash ishlari tugaganidan keyin yana qayta kelishni niyat qilib ortga qaytdim.
Ushbu ziyoratgohni va undagi ming yillik chinorlarni, yoshi yuz yoshga yetgan masjidni ko‘rmoqchi, ma’danlarga boy buloq suvidan ichmoqchi bo‘lganlar, bemalol tashrif buyuraveringlar. Ana shunda hammasiga o‘zingiz amin bo‘lasiz.
P.S.: Ziyoratgohga har kuni 300-400 nafar ziyoratchi kelib ketadi. Ularning asosiy qismi xorijliklardir. Kecha men ziyoratgohga borganimda ham bir guruh xorijlik sayyohlar ziyoratgohni aylanib tomosha qilib yurgan edi.
Izoh (0)