O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari — Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Burhonov boshchiligidagi harbiy xizmatchilar 3-may kuni Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari — Pavel Materikov va Nikolay Petruninning xonadonida bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti nomidan pul mukofotlarini topshirdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Shu kunning o‘zida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchilardan iborat guruh harbiy okrestr sadolari ostida urush qatnashchilari istiqomat qiluvchi mahalalarda bo‘lib, Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari hamda xizmat burchini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga esdalik sovg‘alarini ulashdi.
“Faxriylar ko‘ngliga yo‘l topish orqali yoshlar qalbida keksa avlodga nisbatan faxru g‘urur, hurmat hislari shakllantirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Prezidentining 23-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 7,5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari topshirilmoqda.
Izoh (0)