29-apreldan 4-mayga qadar Amerikaning Harlem Globetrotters jamoasi T.E.A.M Up at School dasturi doirasida basketbol o‘yinini yoshlar orasida targ‘ib qilish va bullingga qarshi kurashishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda “Daryo”ga AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Harlem Globetrotters tashrifi Xalq ta’limi vazirligi va AQSh elchixonasining sportni rivojlantirish hamda bullingga qarshi kurashishdagi keng ko‘lamli tashabbusi hisoblanadi.
Harlem Globetrotters a’zolari Fatima Lister (TNT) va Julius MakKlarkin (Zeus) O‘zbekistonda AQShning Bullingga qarshi milliy kampaniyasi yaratgan T.E.A.M Up at School dasturi doirasida qator mahorat darslarini o‘tkazishlari rejalashtirilgan.
Ushbu dasturning ochilish marosimi 29-aprel kuni Toshkent shahridagi 211-maktabda bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari Harlem Globetrotters vakillari bullingga oid taqdimotlarini Toshkent shahri, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 60 dan ortiq maktablarga namoyish etadi.
Shuningdek, loyiha doirasida amerikalik professor Lori Vulf maktab o‘qituvchilari va psixologlariga ijobiy psixologiya usullari bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)