Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-turi doirasida 27-aprel sanasida navbatdagi 3 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Musobaqa jadvalida 2-o‘rinda borayotgan Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi o‘z maydonida Navoiyning “Qizilqum” jamoasini qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi. Eslatib o‘tamiz, “temiryo‘lchilar” avvalgi turda “Buxoro”ni mag‘lub etgan bo‘lsa (2:0), “Qizilqum” esa “Qo‘qon-1912”ga yutqazgandi (0:1).
Shu kuni Bekobodning “Metallurg” klubi Qo‘qonning “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahsga 18:30 da start beriladi. Ma’lumot uchun, bekobodliklar 7 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida 7 o‘rinda bormoqda. Qo‘qonliklar esa 5 ochko bilan 13-pog‘onani egallab turibdi.
Kunning so‘nggi o‘yinida musobaqada yetakchilik qilayotgan Shota Arveladze qo‘l ostidagi Toshkentning “Paxtakor” jamaosi mehmonda “So‘g‘diyona”ni sinovdan o‘tkazadi. O‘yin soat 19:35 da boshlanishi belgilangan. Ta’kidlash joiz, “sherlar” 5-turda o‘z maydonida kechgan bahsda “Dinamo”ni taslim qilgandi (2:0). Jizzaxliklar esa “Metallurg”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Superliga
6-tur bahslari
27-aprel, shanba
“Lokomotiv”—“Qizilqum” 17:30
“Metallurg”—“Qo‘qon-1912” 18:30
“So‘g‘diyona”—“Paxtakor” 19:35
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)