Sudandagi o‘tish davri harbiy kengashi rahbari general-leytenant Abdul Fattoh al-Burhon mamlakatda kommendant soatini bekor qildi. Bu haqda “Novaya gazeta” xabar berdi.
Shu bilan birga favqulodda holat ham bekor qilingan.
Fattohning aytishicha, mamlakatda totuv fuqarolik jamiyati tashkil qilinadi. O‘tish davri esa ikki yil davom etadi. Shuningdek, u namoyishlar paytida hibsga olinganlarning barchasi ozod qilinishi, namoyishchilarni o‘ldirganlar esa sudga tortilishiga ham va’da bergan.
“Biz odamlarga hayot yukini yengillashtirishga yordam berish uchun muammolar ustida ishlayapmiz. Shu bilan birga, biz Sudan fuqarolarini va partiyani oddiy hayotga qaytishga chaqiramiz”, — deydi Fattoh. Bundan tashqari, u prezident Umar al-Bashir rejimi va uning belgilarini yo‘q qilishni va’da qilgan.
Sudan Mudofaa vaziri Avad bin Auf 11-aprel kuni al-Bashirning hibsga olingani, hukumat va parlamentni tarqatib yuborilishi hamda Konstitutsiyaning to‘xtatilishini e’lon qilgan edi. U ikki yil davomida mamlakatni harbiy kuchlar boshqarishi aytgan.
Sudanda norozilik chiqishlari 2018-yil dekabrda boshlangan edi. Aholi yoqilg‘i, non va unning narxidan hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligidan norozi edi. Keyin esa u 30 yildan beri uzluksiz hokmiyat tepasida bo‘lgan prezident Umar al-Bashirning siyosiy tuzumining almashtirilishi bo‘yicha norozilikka aylandi.
Izoh (0)