“Rosneft” kompaniyasi Katerina Tixonova boshqaradigan “Milliy intellektual rivojlanish fondi”ga 28 million rubl (salkam 432 ming dollar) ajratdi. Bu haqda Rossiya davlat xaridlari saytiga tayanib, Meduza xabar bermoqda.
Mablag‘ “tabiiy va texnik fanlar yo‘nalishida patent tadqiqotlar o‘tkazish” uchun ajratilgan. Bu tadqiqotlar aynan nimalardan iborat bo‘lishiga aniqlik kiritilmagan.
“Milliy intellektual rivojlanish” fondi Rossiyadagi notijorat tashkilotlar orasida eng salmoqli budjetlardan biriga ega. Fond uning vasiylari qatorida bo‘lgan “Rosneft”, “Transneft” va “Rosatom” tenderlarida muntazam qatnashadi va g‘olib chiqadi. Jumladan, “Rosneft” fondni deyarli 1 milliard rubllik buyurtmalar bilan ta’minlagan.
OAV manbalariga ko‘ra, fond rahbari Katerina Tixonova Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kichik qizi. Uning o‘zi bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan, shu bilan birga, inkor ham etmagan.
Izoh (0)