O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazish) tadbirlari boshlandi.
Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ushbu tadbirlar xo‘jalik sub’ektlarini tekshirish bilan umuman bog‘liq bo‘lmasdan, asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlari uchun ko‘mak va maslahat berishdan iborat.
Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan hech qanday ma’muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi hamda mavjud tushunmovchiliklar va kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.
Mazkur tadbirlarga 2 558 nafar davlat soliq xizmati organi xodimi jalb etilib, dastlabki ikki kun davomida 19 032 ta ob’ekt ko‘zdan kechirilgan.
Natijada:
5 651 nafar mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgan fuqaroga ijtimoiy himoyalanishlari uchun ish beruvchilar bilan munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishlari;
2 254 nafar jismoniy shaxsga davlat ro‘yxatidan o‘tib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari;
3 968 ta ob’ekt egalariga ijara shartnomalarini davlat soliq inspeksiyalarida ro‘yxatga qo‘yishlari va 875 ta mol-mulk ob’ekti hamda yer maydoni egalariga mulkini kadastr idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazishlari to‘g‘risida profilaktik suhbat va ogohlantirishlar berilgan.
Izoh (0)