O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Ochilboy Ramatov Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — transport vaziri etib tayinlandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.
1962-yilda tug‘ilgan Ochilboy Ramatov bunga qadar Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi boshqaruv raisi, hukumatning hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
Transport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida hali rasman e’lon qilingani yo‘q.
Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil noyabr oyidagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2019-yilning 1-iyuligacha Transport vazirligi tuzish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan edi.
Yangi davlat organiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyalari vakolatlari o‘tishi ko‘zda tutilmoqda.
2018-yilning 28-mayidan beri Bosh vazir o‘rinbosari — hukumatning ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy madaniyat, sport va turizm masalalari kompleksi rahbari sifatida faoliyat yuritgan Aziz Abduhakimov endilikda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
2017-yildan beri Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri — Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari kompleksining rahbari sifatida faoliyat yuritgan Jamshid Qo‘chqorov endilikda Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri etib tayinlandi.
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva o‘z lavozimini saqlab qoldi.
Izoh (0)