O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikromov Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism bazasida yangi tashkil etilgan jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi kurs tinglovchilari bilan suhbat o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
“Tinglovchilar qisqa muddatda kasbiy tayyorgarlik va vatanparvarlik bo‘yicha yetarli ko‘nikma va bilimga ega bo‘layotganliklarini namoyon etdi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya hududiy bo‘linmalarini qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Mudofaa vazirligi harbiy qismlarining birida o‘quv-amaliy kurslari tashkil etilgandi. Ayni vaqtda u yerda yuzga yaqin jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi xodimlar tahsil olmoqda.
Mashg‘ulotlarda o‘rnak ko‘rsatgan tinglovchilarga mudofaa vaziri o‘rinbosari nomidan minnatdorchilik e’lon qilindi.
Shu kunning o‘zida Nukus shahri Yoshlar markazida shahar va tumanlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, shuningdek, yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Farmoyish asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Nukus shahri va tumanlarda amalga oshirilgan ishlar natijasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari keskin kamaygani qayd etilgan.
Izoh (0)