O‘zbekistonda kapitali 1 milliard dollar miqdorda bo‘lgan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Jamg‘arma O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va innovatsion texnologiyalarni jalb etish, xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining boshqaruv kompaniyasi ham tashkil etiladi. Uning ustav kapitali 5 million dollar bo‘lib, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
Jamg‘arma investitsiyalarining eng ko‘p miqdori rejalashtirilayotgan investitsiyalar umumiy hajmining 30 foizidan oshmasligi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Jamg‘arma va boshqaruv kompaniyasi faoliyatini nazorat qiladi.
2019-yil 1-martgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Izoh (0)