Sergeli tuman xalq deputatlari kengashi deputati Shavkat Xalilov Sergelidan shahar markazigacha pullik yo‘l qurishni taklif qildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi, deb yozadi Spot.
Shavkat Xalilov so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar paytida saylovchilar ko‘pincha Sergelida yangi uylar barpo etilayotgani va avtomobillar sonining ko‘payishi natijasida tumandan poytaxtning boshqa joylariga borish qiyinchilik tug‘dirishi masalasini ko‘taradi.
Tuman hokimligi vakillari, boshqa deputatlar va ayrim mutaxassislar bilan muammoning yechimlari o‘rganilib bir to‘xtamga kelindi va ushbu variant ko‘rib chiqilishi uchun taqdim etiladi.
Ushbu taklifning mohiyati — Sergeli tumanidagi Anna Axmatova va Fayzli ko‘chalari kesishmasidan Yakkasaroy tumani, Cho‘pon ota ko‘chasining kichik halqa yo‘li bilan kesishmasiga qadar 4,65 kilometr uzunlikdagi faqat yengil avtomobillar uchun mo‘ljallangan olti polosali yo‘l barpo etishdan iborat.
“Bu yerda hech qanday svetoforlar bo‘lmaydi va yo‘nalish bir necha daqiqa davom etadi. Taklif qilinayotgan hududda turar-joy va boshqa obyektlar yo‘q, shuning uchun buzish, tovon to‘lash va shu kabi muammolar bo‘lmaydi”, — deydi deputat.
Ta’kidlanishicha, yo‘l qurilishini moliyalashtirilishi bilan bog‘liq muammolarni hisobga olgan holda, hududni pullik qilinayotganining sababi xususiy investorlarni jalb qilish yo‘li bilan zarur mablag‘larni yig‘ish va tezda daromad keltirishni boshlaydigan loyihani amalga oshirishni tezlashtirish mumkin.
“Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, kuniga 90 mingga yaqin avtomobil stansiya orqali o‘tadi. Agar biz ikki ming so‘mlik to‘lovni o‘rnatsak ham, kuniga o‘rtacha 180 million so‘m yoki yiliga 65 milliard so‘mdan oshadi. Bu mening fikrimcha, yo‘lning qurilishi va jihozlanishi, uning ishlashi uchun yetarli bo‘ladi”, — deydi Shavkat Xalilov.
Shuningdek, avtomobil kirish-chiqish joyidagi to‘lov punktlarida kamida 12 ish o‘rni paydo bo‘ladi va shu bilan birga, O‘zbekistonda pullik yo‘llarni rivojlantirish uchun pilot loyiha bo‘ladi.
Izoh (0)