Qoraqalpog‘istonning “Nukus” xalqaro aeroporti hududida “Ochiq osmon” tartibi joriy etiladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar beradi.
Tartibning qoidalariga ko‘ra, havo transporti bo‘yicha hukumatlararo kelishuvga muvofiq belgilangan xorijiy aviakompaniyalar Nukus aeroportiga parvoz chastotalarini cheklamasdan uchish huquqiga ega.
Ushbu reyslar “havo erkinligining” beshinchi darajasi huquqisiz va Nukus aeroportining texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
“Havo erkinligining” beshinchi darajasi — bir davlat tomonidan boshqa davlatga beriladigan huquq bo‘lib, unga ko‘ra, belgilangan tashuvchi yo‘lovchilarni, pochta va yuklarni hamkor-davlat hududida uchinchi davlatdan yoki uchinchi davlatga yuborish yoki tushirish huquqiga ega.
Nukusda “Ochiq osmon” tartibi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) jadvalining “Yoz-2019” mavsumidan boshlab “Qish-2021/2022” mavsumi oxirigacha amal qiladi.
O‘zbekiston bilan havo qatnovi sohasida xalqaro shartnomalar tuzgan xorijiy davlatlarning aviatsiya hukumatlariga diplomatik kanallar orqali Davlat aviatsiya nazoratining tegishli bildirgisi jo‘natilgan.
Izoh (0)