“Daryo” tahririyatiga Toshkent shahri Yunusobod tumani 15-mavze 75-uyda yashovchi Sevara Xudoyberdiyeva murojaat qildi.
Fuqaro hozirda istiqomat qilayotgan uy 1974-yilda qurilgan. Bu uyda 72 ta xonadon bor. Hozirda uyning holati umuman talabga javob bermaydi.
“Yil sayin cho‘kayotgan uyning chekka tomoni ikki tarafga ajralib qolgan. Xonadonda isitish batareyalari bo‘lgani bilan isimaydi. Kuz-qish mavsumida xonadonlar sovuq bo‘lib ketadi. Gaz yoqib isinishga majburmiz. Isitish moslamasiz xonadonda o‘tirib bo‘lmaydi. Nazarimda biror falokat yuz bermaguncha hech kim bu muammoga e’tibor bermaydigandek”, — deb yozadi Sevara Xudoyberdiyeva.
Murojaatda aytilishicha, ushbu uyda yashovchi fuqarolar bir nechta tashkilotga, jumladan Prezident qabulxonasiga ham muammoni hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan.
“Tashkilotlardan kelgan xodimlar esa qo‘lda qog‘oz qoralash bilan kifoyalanishdi xolos. Javobini aytishga va’da berishadi har safar, ammo befoyda kutish. Tumanimiz hokimi bu masalani hal qilishga va’da bergan edi, ammo biror natija yo‘q”, — deyiladi murojaatda.
Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar ushbu murojaatga e’tibor qaratadi va muammo yaqin kunlarda hal etiladi.
Izoh (0)