2018-yil 1-dekabr kuni Xorazm viloyatida 5 nafar hokim almashdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu kuni xalq deputatlari Gurlan tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi. Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan Alisher Salayev Gurlan tumani hokimi etib tayinlandi.
Xalq deputatlari Xiva shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham tashkiliy masala ko‘rildi. GM Uzbekistan Xorazm filiali boshqaruvchi direktori Sobir Jumaniyazov Xiva shahar hokimi etib tayinlandi.
Xalq deputatlari Yangibozor tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajarib kelgan O‘ktam Masharipov tuman hokimi etib tayinlandi.
Xalq deputatlari Urganch shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham tashkiliy masala ko‘rildi. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Abdullayev Urganch shahar hokimi etib tayinlandi.
Xalq deputatlari Hazorasp tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bo‘lib ishlab kelgan Ravshan Jabbarov tuman hokimi lavozimini egalladi.
Izoh (0)