O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Urganch shahri markazida Jaloliddin Manguberdi memorial bog‘ini barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlati rahbari 30-noyabr kuni Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud ko‘chalari kesishmasidagi ushbu maydonga tashrif buyurib, qurilish loyihalari bilan tanishdi.
Prezident Jaloliddin Manguberdi haykali buyuk siymoning jasorati va shonu shavkatiga mos mahobatli bo‘lishi, uning atrofidan nur taralib turishi kerakligini ta’kidladi.
“Bu maydonda tariximiz namoyon bo‘lishi, u Xorazmning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kerak. Shuning uchun tarixchi olimlar bilan maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, chiroyli, jozibali qilish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bog‘ hududini kengaytirish va obodonlashtirish, har bir elementda qadimiylikni aks ettirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shu yerda Urganch shahri markazini batafsil rejalashtirish, ko‘p qavatli uy-joylar qurish, issiqlik va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga doir loyihalar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Prezidentning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Izoh (0)