Moliya vazirligi vazir o‘rinbosari lavozimiga nomzodlar uchun tanlov e’lon qildi
O‘zbekiston Moliya vazirligi vazir o‘rinbosari lavozimiga kadrlar zahirasini shakllantirish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Bu haqda boshqarma saytiga joylangan xabar asosida Spot xabar bermoqda.
Lavozimga bo‘lgan asosiy talablar va vazifalar:
- Moliya, iqtisodiyot, soliq va bank yo‘nalishlarida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi (xorijiy va xalqaro oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan nomzodlarga imtiyozlar beriladi);
- Ingliz va o‘zbek tillarini mukammal bilish (IELTS sertifikatiga ega bo‘lgan (kamida 6 ball) nomzodlar ma’qullanadi);
- Kompyuter savodxonligi, jumladan Microsoft Word, Excel va Power Point dasturlarini bilishi;
- Mehnatsevarlik va o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashish;
- Professional etiket, hamkasblarga hurmat bilan qarash;
- Muomala va muzokara madaniyati;
- O‘z fikr-mulohazalarini hamda takliflarini taqdim qila olish qobiliyati.
Xodimlarning oylik maoshi nomzodning joriy ish haqi, malakasi va ish tajribasiga asosan belgilanadi.
Tanlov jarayoni 3 bosqichda amalga oshiriladi: 12-oktabrga qadar ishchi guruhi tomonidan CV va yozilgan insholar o‘rganib chiqiladi, 15-oktabr kuni ikkinchi bosqichga o‘tgan nomzodlar bilan o‘zbek va ingliz tillarida suhbat o‘tkaziladi. 16-oktabr kuni ishchi guruh nomzodlarning ballarini to‘plab, har bir nomzodning kuchli va kuchsiz taraflarini muhokama qilib kerakli xodimlarni tanlaydi va 3 kun muddatda nomzodlarga tanlov natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi.