AQSh Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlashda Tojikiston chegara qo‘shinlari imkoniyatlarini kuchaytirish uchun mamlakatga 8 million dollar qiymatidagi qurilmani taqdim etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Tojikistonga qurilish qurilmasi, og‘ir maxsus texnika, patrul qilish, qo‘mondonlik, razvedka, tez yordam ko‘rsatish va qo‘shinlarni ko‘chirish uchun mo‘ljallangan taktik transport vositalari yetkazildi.
“Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, uning Tojikiston bilan chegaradosh shimoliy viloyatlarida ‘Tolibon’ning faollashuvi terrorizmning yoyilishi va narkotik moddalar tahdidiga yangicha yondashuvni talab qiladi”, — dedi qurilmalarni topshirish marosimida Tojikiston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov.
Uning so‘zlariga qaraganda, aynan AQSh Davlat departamenti va Adliya vazirligi yordamida Afg‘oniston bilan chegarada zamonaviy aloqa tizimi yaratilgan, infratuzilma obyektlari barpo etilgan, Aloqa markazini ta’mirlash ishlari yakunlangan, Xatlon viloyatining Shaartuz tumanida chegara posti qurilishi boshlangan.
Izoh (0)