Farg‘onada yettita nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
Yozyovon tumanining “Bahor” hamda “Istiqlol” mahallalarida “Boychechak” va “Mustafoshoh” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ish boshladi. Bu muassasalarda bolalar o‘zbek va rus tillarida ta’lim-tarbiya oladi.
Xonalar milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalarni kitob o‘qishga qiziqtiruvchi o‘quv-metodik jihozlar, odob-axloqqa o‘rgatuvchi o‘yinlar va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan. Musiqa xonasi, tibbiyot xonasi, oshxona va boshqa xonalarda yaratilgan sharoitlar ham zamon talablariga to‘la javob beradi.
Toshloq tumanining “Yakkatut” hamda “Hurriyat” mahallalarida 2 ta, O‘zbekiston tumanining Yangihayot qishlog‘ida, “Qumbosti” va “Shodlik” mahallalarida 3 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ochildi.
Ayni paytda Farg‘ona viloyatida mavjud 770 davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga 108 ming nafardan ortiq bog‘cha yoshidagi bolalar qamrab olingan.
Bundan tashqari, viloyatda 170 ga yaqin nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy uy bog‘chalari faoliyat yuritmoqda. Ularga 8 ming nafardan ortiq kichkintoylar jalb etilgan.
Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra joriy yil yakuniga qadar viloyatda davlat-xususiy sheriklik asosida 301 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochish rejalashtirilgan.
Izoh (0)