Buyuk Britaniya politsiyasi Londonning janubiy tumanlarida 400 dan ortiq mushuklarning o‘limiga javobgar bo‘lgan jinoyatchini qidirish bo‘yicha olib borilgan uch yillik tekshiruvlar natijalarini e’lon qildi, deb yozadi TJournal.
Jasadlarni yorib ko‘rish, DNK-testlar va kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘z ichiga olgan tekshiruvlar jinoyatlarda odam ishtirok etmaganligini, balki ko‘pchilik hodisalarda tulkilar aybdor bo‘lib chiqqanligini ko‘rsatdi.
2015-yilda London aholisi kimdir uy hayvonlarini bo‘laklarga bo‘lib, so‘ng jasadlarini uylarning yoniga tashlab ketayotganini ma’lum qilgan. Tekshiruv davomida 40 ga yaqin kishi gumonlanuvchi sifatida ro‘yxatda bo‘lgan.
Ammo uch yildan keyin politsiya mushuklarni tulkilar o‘ldirgan yoki jonivorlar yo‘llarda mashinalar ostida qolgach, o‘laksaxo‘rlarga yem bo‘lgan, degan xulosaga keldi.
“Birorta holatda ham shafqatsiz qotilliklarda odam qo‘li borligidan darak beruvchi dalillarni topmadik… Mushuklarning o‘ldirilishi kameralarga tushib qolgan uchta holatda biz tulkilarni ko‘rdik”, — deyiladi Skotlend Yard hisobotida.
Izoh (0)