Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tadigan “Atlas bayrami” festivali 11-sentabr kuni ochiladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar bermoqda.
“Atlas bayrami” festivali UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi, UNESCO’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Festival an’anaviy mahorat darslari bilan boshlanadi. Trening mashg‘ulotlari milliy matolardan foydalangan holda liboslar dizaynini yaratish va an’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirish, atlas va adraslarga bezak berish, ipak matolarga naqsh va gullar bosish, o‘tgan asrlarda yurtimizda mashhur bo‘lgan gazlamalar tarixini o‘rganishga bag‘ishlanadi.
Mashg‘ulotlar davomida “Ipak yo‘li interfaol xaritasi” loyihasi doirasida xalqaro mutaxassislar uchrashuvi tashkil etilib, zamonaviy texnologiyalardan unumli va samarali foydalanish, milliy mahsulotlarni keng targ‘ib etish, jahon bozoriga chiqish, noodatiy buyumlar yaratish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Festival doirasida xalqaro anjuman, O‘zbekiston hunarmandchilik ko‘rgazmasi, modelerlar shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, askiyachilar va dorbozlar chiqishlari, “Devzira” osh tanlovi o‘tkaziladi.
Bayramda folklor ansambllari, xalq ijrochilarining dasturlari, dorbozlar va qo‘g‘irchoq teatrlari tomoshalari ham namoyish etiladi.
Izoh (0)