AQShning San-Fransisko shtati sudi 10-avgust, juma kuni Monsanto kompaniyasiga 289 million dollar jarima soldi. Ma’lum qilinishicha, kompaniya pullarni onkologik xastalik bilan kasallangan bemorga to‘lab berishi lozim, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.
Sud hay’atining fikricha, jabrlanuvchida onkologik xastalikning rivojlanishiga kompaniya ishlab chiqargan begona o‘tlarga qarshi vosita tarkibidagi glifosat gerbitsidi sababchi bo‘lgan.
Jabrlanuvchi – 46 yoshda. Avval maktab hovlisining nazoratchisi bo‘lib ishlagan. Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi yillar davomida kompaniyaning begona o‘tlarga qarshi vositalaridan foydalanib kelgan. Kompaniya ishlab chiqarayotgan vositalari tarkibidagi gerbitsidlar saraton xastaligini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida mijozlarini ogohlantirmagan. San-Fransisko sudi iyul oyida Monsanto kompaniyasiga qarshi 400 dan ortiq arizani ko‘rib chiqqan.
Mutaxassislar glifosatning inson organizmiga ta’siri borasida tugal fikrga kelmagan. Avvalroq AQShning atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va Yevropa Ittifoqining qator tashkilotlari gerbitsidlarning bu ko‘rinishi onkologik xastaliklarni keltirib chiqarmasligi haqida ma’lum qilgan edi. 2015-yili Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti glifosatning kanserogen bo‘lishi mumkinligi haqida o‘z xulosasini e’lon qilgan.AQShning Monsanto kompaniyasi gen modifikatsiyasi orqali yetishtirilgan urug‘ va gerbitsidlarni ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro bozorda yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. 2018-yilning iyunidan boshlab kompaniyaga Germaniyaning Bayer konserni egalik qiladi.
Izoh (0)