Toshkent viloyati Chirchiq shahrida kommunal to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lmagan fuqarolarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb yozmoqda O‘zA.
Tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan. Unda MIB mas’ullari, jamoat tashkilotlari vakillari va mahalla faollari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, kommunal to‘lovlarni muntazam ravishda o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha “Qarzdorligi bo‘lmagan namunali mahalla” va “Kommunal to‘lovlardan muntazam qarzdor bo‘lmagan namunali xonadon” tanlovi tashkil etilgan.
— 46 yildan buyon Chirchiq shahrida yashayman, — deydi fuqaro Galina Vevshina. — Mana shu yillar mobaynida kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab keldim. Ochig‘i, buning uchun rag‘batlantirishlarini kutmagandim. Bundan juda xursandman.
Tadbirda Galina Vevshina singari shaharning bir guruh namunali iste’molchilari rag‘batlantirildi. Ularga MIB viloyat boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)