AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi kelishuvlarga muvofiq, KXDR yetakchisi Kim Chen In yakuniy yadrosizlanish muddatlarini o‘zi belgilaydi. Bu haqda Singapurda ASEAN sammitida bo‘lib turgan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
“Yadrosizlanishning yakuniy muddatlari rais Kim tomonidan belgilanadi, hech bo‘lmaganida qisman. Bu uning qarori”, — dedi Pompeo.
Shu bilan birga, davlat departamenti rahbari ta’kidlashicha, Vashington va Pxenyan aloqalaridagi progressga qaramay, KXDRga nisbatan xalqaro sanksiyalar Koreya yarim oroli to‘liq yadrosizlangunicha saqlanib qoladi.
“Barcha mamlakatlar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi, ushbu sanksiyalar Shimoliy Koreyaning to‘liq yadrosizlanishiga erishmagunimizcha saqlanadi. Qanday progressga erishganimizdan qat’i nazar, hozircha bu sanksiyalar qoladi”, — dedi Pompeo.
Shuningdek, davlat kotibi KXDR hukumati 1950—1953-yillardagi Koreya urushida halok bo‘lgan amerikalik harbiy xizmatchilar jasadlarini topshirish bo‘yicha kelishuvni bajarganidan keyin, Pxenyan bilan aloqalar yaxshilanishiga umid bildirdi.
Izoh (0)