Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
“Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra birja bitimi to‘g‘risidagi axborot endilikda sudlar, surishtiruv va tergov organlari bilan birgalikda Hisob palatasiga ham uning so‘roviga ko‘ra taqdim etiladigan bo‘ldi.
“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar bilan endilikda Hisob palatasi ham valyutani nazorat qiluvchi organ sifatida belgilandi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra endilikda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari bir yilda kamida bir marta o‘z majlisida viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining fuqarolar huquqlari va erkinliklarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitishi belgilandi.
Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiya ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi organlar qatoriga kiritildi.
Izoh (0)