Seul Pxenyan bilan moliyaviy loyihalarni tiklamoqda. Bu haqda Janubiy Koreyaning millat birlashishi vazirligi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Temiryo‘l va avtomobil yo‘llarini tiklash, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar shu haftaga rejalashtirilgan.
Transport masalasi bo‘yicha ishchi guruh uchrashuvi 26 va 28-iyun kunlari harbiylardan holi hududda bo‘lib o‘tadi. O‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha muzokaralar 4-iyulga rejalashtirilgan. Uchrashuv joyi hozircha belgilanmagan. Transport, atrof-muhitni asrash, o‘rmon xo‘jaligi sohalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari darajasidagi amaldorlar delegatsiyalariga raislik qiladi.
“Temiryo‘l va avtomobil transporti, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Pxanmunjom deklaratsiyasiga amal qilish masalalari muhokama qilinadi, shu orqali biz Janub va Shimolning keyingi uzoq muddatli munosabatlari, Koreya yarimorolidagi barqaror tinchlik uchun asos yaratamiz”, — deyiladi Janubiy Koreyaning millat birlashishi vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida so‘nggi 10 yil davomida birinchi marta ikki Koreya rahbarlari sammiti tashkil qilindi. 23-iyun, shanba kuni Pxanmunjom harbiylardan holi hududida ikki mamlakat yetakchilarining 2018-yil hisobidan ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)