Toshkentda “Davgeodezkadastr” qo‘mitasi (O‘zbekiston), Geo-Alyans kompaniyasi (Rossiya) hamda Digital Globe kompaniyasi ishtirokida xalqaro seminar o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
13—14-iyun kunlari Rossiyaning Geo-alyans kompaniyasi, AQShning Digital Globe kompaniyasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamkorligida “Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qo‘llash va ularni qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda vazirlik va idora mutaxassislari hamda “Davgeodezkadastr” qo‘mitasi mutaxassislari qatnashdi. Seminardan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qo‘llash va ularni qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishni yangi bosqichga olib chiqishdir. Seminarni “Davgeodezkadastr” qo‘mitasi rais o‘rinbosari Ro‘zmetov Maqsud ochib berdi va bu sohadagi ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mita mutaxassislarining asosiy vazifalaridan biri ekanligini aytib o‘tdi.
Seminarda xorijiy mutaxassislar Maksim Aleksandrov (Geo-Alyans), Polina Medvedeva (Geo-Alyans), Ilya Yudin (Digital Globe) o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etishdi va seminar davomida Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qo‘llash mavzusida master-klasslar o‘tkazishdi.
Izoh (0)