Yil boshidan buyon O‘zbekistonda import hajmi eksportnikidan qariyb 1,5 milliard dollarga oshib ketdi, deb yozadi Spot Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib.
Respublikada tashqi savdo aylanmasi 2018-yil yanvar-aprel oylarida 11,3 milliard dollarni, shu jumladan eksport 5,0 milliard dollarni va import 6,3 milliard dollarni tashkil qildi
Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,2 foizga o‘sishi tabiiy gazning 1,9 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar esa 7,3 foizga o‘sdi, shundan plastmassa va plastmassa buyumlarining eksporti 16,7 foizga oshdi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,6 foizga o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmining 41,9 foizga o‘sishiga olib keldi.
Import tarkibida asosiy ulush mashina va asbob-uskunalar (umumiy import hajmida 32,5 %) va kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (12,3 %) hisobiga tog‘ri kelmoqda.
Eng ko‘p xizmatlar importi o‘sdi — yanvar-martda ularning hissasiga umumiy hajmning 8 foizi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yanvar-aprel yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 23,1 foizga yetdi. Bu pul ko‘rinishida 1,46 milliard dollarga teng, o‘sish sur’ati 565 foizni tashkil qildi.
Xizmatlar eksportidagi o‘sish esa ahamiyatsiz darajada — yanvar-martda umumiy hajmning 27,1 foiziga teng bo‘lgan bo‘lsa, yanvar-aprelda — 29,6 foizni tashkil qildi.
Izoh (0)