Ozarbayjon parlamenti Ilhom Aliyevning yordamchisini yangi bosh vazir etib tayinladi
Ozarbayjon parlamenti mamlakat prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Navro‘z Mamedovni bosh vazir lavozimiga tayinladi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Prezident tomonidan ko‘rsatilgan nomzod parlamentning 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir ovozdan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 11-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Barcha saylov punktlaridan yig‘ilgan ovozlarga ko‘ra, amaldagi prezident Ilhom Aliyev 86,02 foiz ovoz bilan g‘alabaga erishdi.
Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi 15-aprel kuni saylov natijalarini e’lon qildi va protokolni tasdiqlash uchun Konstitutsion sudga topshirdi.
Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qayta saylangan prezidentning inauguratsiyasidan keyin iste’foga chiqariladi.
