Islandiya tarixidagi eng katta o‘g‘rilik uchun qamalgan Sindri Tor Steffanson qamoqdan qochdi va Shvetsiyaga uchib ketdi, deb xabar beradi TJournal.
Qayd etilishicha, o‘g‘ri mamlakat bosh vaziri bilan bir samolyotda uchgan.
Politsiyaning ma’lumot berishicha, Steffanson qamoqdan deraza orqali qochgan va Keblavik shahridagi xalqaro aeroportga yo‘l olgan.
Shvetsiya va Islandiya Shengen zonasida joylashgani uchun aeroportda undan hech kim pasport so‘ramagan.
Steffanson uchgan samolyotda Islandiya bosh vaziri Katrin Yakobsdouttir ham bo‘lgan. U Hindiston bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazish uchun Stokgolmga uchib kelayotgan edi.
Qayd etilishicha, o‘g‘ri samolyotga chiqish uchun kimningdir pasportidan foydalangan. Shuning uchun tergovchilar Steffansonning sherigi bo‘lganligini taxmin qilmoqda.
Politsiya ishga aloqadorlikda gumonlanayotgan ikki kishini so‘roq qilgan.
Steffanson xavfsizligi kam darajada ta’minlangan mahalliy qamoqxonaga joylashtirilgan edi. Bu yerda jinoyatchilarga internet va telefondan foydalanish imkoni beriladi. Shuningdek, qamoqxona binosi devorlar bilan ham o‘ralmagan edi.
Izoh (0)